O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi «Navoiy (Zangiota)-Qoplonbek» avtomobil o‘tkazish punktlari, avval xabar qilingandek, 1 noyabrdan emas, 1 dekabrdan yopiladi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar qildi.

Bu bo‘yicha 28 oktabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Hukumat rahbarlari kengashi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston bosh vazirlari tomonidan mazkur o‘tkazish punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish to‘g‘risida kelishuv amalga oshirilgan.


Shu munosabat bilan 1 noyabr kuni DBQ Raisi A.Mavlonov Zangiota avtomobil o‘tkazish punkti — «Navoiy» chegara bojxona postida bo‘lib, qurilish ishlari bilan tanishdi.

Qurilish rekonstruksiya ishlari ikki davlat o‘tkazish punktlarida bir vaqtning o‘zida boshlanadi va yakunlanadi.

Qayd etilishicha, rekonstruksiyadan so‘ng «Navoiy» chegara bojxona postida avtotransportlar uchun yo‘laklar soni ikki barobarga ko‘payib, transport vositalarini o‘tkazuvchanligi sutkasiga 300 tadan 1000 tagacha oshadi.


Chegaradan o‘tish vaqti 3 marotabagacha qisqaradi va haydovchilarga hamda yo‘lovchilarga shart-sharoitlar yaratiladi.

Fuqarolar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari vaziyatni to‘g‘ri tushunib, yuk avtotransport vositalari o‘tkazuvchanlik imkoniyati yuqori bo‘lgan «Yallama-B.Konыsbayev» o‘tkazish punkti orqali, yengil avtotransport vositalari va fuqarolar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan boshqa o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkin, deyiladi xabarda.


«O‘z navbatida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazish punktlari rekonstruksiya bo‘layotganligi hisobga olinib, boshqa o‘tkazish punktlarida tirbandliklarni oldini olishga qaratilgan kuch va vositalarni safarbar etish choralari ko‘rildi. Post va unga eltuvchi yo‘llar, tutash hududlar ko‘zdan kechirilib, „Navoiy“ chegara bojxona postini yanada kengaytirish imkoniyatlari tahlil qilindi», — deya qayd etilgan xabarda.