«Oila va xotin-qizlar» ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abduraimov AOKAda o‘tkazilgan brifingda sotsiologik tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, 2000 yilda 527,6 ming nafar, 2010 yilda 634,8 ming nafar go‘dak dunyoga kelgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 905,2 ming nafarga yetdi. Xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda tug‘ilish darajasi bo‘yicha «o‘rtacha yuqori» bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy egalladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda oilalarda tug‘ilishning ko‘payish omillarini aniqlash maqsadida 2022 yilning 8 avgustdan 15 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallani qamrab oldi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning aksariyati oilada farzandlar soni 3−4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘rishadi. Yana muhim bir jihat, xotin-qizlarning har uchtadan biri (32,2%) ko‘p farzandli bo‘lishni istaydi.

Tadqiqotda farzandli ayollarning yana qancha farzand ko‘rishlari to‘g‘risidagi fikrlari o‘rganilganida, 47,3 foiz ayollar 4 nafar, 38,6 foiz ayollar 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgani aniqlandi. Ko‘p farzandli bo‘lishni istovchilar ulushi 53,1 foizni tashkil etdi.

To‘rt nafar va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirish holati farzand ko‘rgunga qadar har uchinchi respondentga (28,5%) xosligi keyingi yillarda ham O‘zbekistonda demografik o‘sish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolishidan darak bermoqda.

Ma’lumotlar millatlar kesimida tahlil qilinganida, mamlakatda o‘zbeklar va unga qardosh bo‘lgan millat vakillari oilada 3−4 nafar farzand ko‘rishni rejalashtirgani, har ikkinchisining esa bu borada taqdirga ishonishi Markaziy Osiyoda yashovchi aksariyat millatlarning qadriyatlari, turmush tarzi, diniy qarashlarining yakdilligi, shuningdek, O‘zbekistondagi aksariyat xalqlarning madaniyatidagi assimilyatsiya jarayoni dominant madaniyat tomoniga og‘ishi bilan izohlanadi.

O‘zbekistonda ayollar birinchi farzandini asosan 20−24 yosh oralig‘ida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishadi. 27,1 foizi bu haqda o‘ylab ko‘rmaganliklarini, 13,2 foizi esa buni taqdir bilan bog‘lashlarini bildirishdi.

Tahlillar so‘nggi farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yosh oralig‘i 30−35 yosh ekanligini ko‘rsatdi. Deyarli 10 foiz xotin-qizlar so‘nggi farzandni 36−40 yosh oralig‘ida ko‘rishni istashadi. 30 foizi bu to‘g‘risida hali o‘ylab ko‘rmaganliklari, 19 foizi bu holat ularning istaklariga bog‘liq emasligini qayd etdi.

Ayollardan ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy sababi so‘ralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch bo‘lishi asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib o‘tildi. Ayrim hollarda oilada o‘g‘il farzand ko‘rish istagi farzandlar sonining ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har o‘ninchi (10,6%) respondent «diniy e’tiqod»ni ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy omili sifatida ko‘rsatdi. Bu esa jamiyatda diniy me’yor va qadriyatlarning o‘rni tobora ortib borayotganligidan dalolat beradi.

Ayollarning o‘z reproduktiv xulq-atvorini o‘zi belgilashi, oilada nechta farzand ko‘rishni rejalashtirishi ularning ma’lumot darajasiga ham bog‘liq. Tadqiqot farzandlar soni o‘zining qaroriga bog‘liq emasligi holati o‘rta ma’lumotli ayollarda yuqori, oliy ma’lumotlilarda esa bir muncha past (26,5%) ekanligini ko‘rsatdi.

Olingan natijalarga ko‘ra, har yettinchi xotin-qizlar (15,3%) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirdi. Bunday javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, 77,5 foiz reproduktiv yoshdagi xotin-qizlar homiladorlikdan saqlanish bo‘yicha u yoki bu darajada xabardor. Ularning 64,4 foizi homiladorlikdan saqlanish to‘g‘risida yetarli darajada, 13,1 foizi qisman xabardorligini aytib o‘tdi. Shuningdek, 22,5 foiz ayollar bu borada ma’lumotga ega emas.

Hududlar kesimida Qashqadaryo (34,4%), Navoiy (34,1%), Jizzax (32,2%), Surxondaryo (31,9%) va Xorazm (30,1%) viloyatlarida homiladorlikdan saqlanish to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar ulushi nisbatan yuqori.

Tadqiqot natijalari oila qurgan ayollarning 76,5 foizi homiladorlikdan saqlanishini, har beshinchi ayoldan bittasi, ya’ni 21,3 foizi homilardorlikdan saqlanmasligini ko‘rsatdi.

Har o‘ninchi holatda (9,3%) kuzatilgan istalmagan homiladorlik himoyalanish vositalaridagi taqchilligi tufayli yuzaga kelgan.