«Gazeta.uz» «O‘zbek tili oyligi» oyligi doirasida tahririyat nafaqat 1990 yillarda chop etilgan dolzarb materiallarni qayta e’lon qildi, balki tilshunos, yozuvchilar qalamiga mansub yangi materiallarni ham berib bordi. 31 oktabr kuni mazkur oylikka yakun yasar ekanmiz, Germaniyadagi vatandoshimiz, tilshunos Akmal Sohibovning maqolasini e’tiboringizga havola etamiz.

Yangi o‘zbek alifbosi qanday bo‘lishi kerak?

O‘tgan yili lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi. Taklifda bir necha harflarni o‘zgartirish, alifboni qulaylashtirish masalasi ilgari surildi. Lekin shu choqqacha e’tirof etgulik harakat kuzatilmadi. Alifboni o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nega kerak?

1993−1995 yillardan beri alifbo, til masalasida qayta-qayta qonun, loyihalarni o‘rtaga qo‘ydik. Ammo aksari qog‘ozdaligicha qolib ketaverdi. Birgina alifbomizni soddalashtirish o‘rniga murakkablashtirish, shuningdek, ayrim tovushlarni harf sifatida kiritib, ishimizni qiyinlashtiraverdik. Lotin alifbosida ifodalangan hind-yevropa tillari oilasiga mansub german tillaridagi alifbolarni va chet so‘zlarni o‘zlashtirishdagi orfografik moslashuvchanlikni tahlil qilish o‘rniga, arab, kirill va turk alifbosiga tayanib yangi o‘zbek alifbosi yaratish harakatidamiz. Biroq bu masalada nemis tili ham o‘zbek alifbosini yaratishda, chet so‘zlaridagi orfografik kamchiliklarini bartaraf etishiga yordam berishi mumkin.

Yangi o‘zbek alifbosi chet tilidan kirib kelgan va kirib kelayotgan so‘zlarni qamrab olishda nemis tilidagidek ochiq va qabul qiluvchan bo‘lishi muhim. Alifbomiz o‘tgan yillarda arab, kirill va turk alifbosi ta’siri ostida qolib, bugun gibrid va noqulay holatga kelib qolgan. Masalan, yuqorida aytilgan uch alifbodan kirib kelgan «Sh» va «Ch» harflari bizda birikma emas, balki yaxlit harf sifatida qabul qilingan. Nazarimda, alifbo masalasi bilan shug‘ullanayotgan olimlarimiz 1993 va 1995 yillarda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunlar doirasida fikr yuritib, tildagi yangilik, o‘zgarish va innovatsion qarashlarni inkor etayotgan bo‘lsalar kerak. Dunyoga yangicha qayta ochilib, barcha sohalarni liberallashtirish va rivojlantirish yo‘liga intilayotgan paytda alifboni yana eski qolibga solish qanchalik to‘g‘ri?

Termiz davlat universitetining chet tillar (nemis va ingliz tili) filologiyasi fakultetini bitirganman va filolog sifatida yangi alifbo masalasida fikrlarimni bildirmoqchiman.

Avvalo, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tilimizga kirib kelgan va kelayotgan chet so‘zlarni munosib qabul qilishga qodir emas. Bunga masalan S va W harflari rejalashtirilayotgan alifboda mavjud emasligi yaqqol dalildir. Masalan, Computer va Windows so‘zlarini olaylik. Hozirgi alifbo ikki so‘zni Kompyuter va Vindovs sifatida, yana gibrid holatda yozishni taqazo etmoqda. Buni zamonaviy rivojlanish tendensiyalari bilan taqqoslasak nomunosibdir. Ingliz va boshqa tildan kirib kelgan so‘zlarni, aytaylik, Interview, Call center, Skype, Cowboy, Facebook`ni asli holatda qoldirganimiz ma’qul, bo‘lmasa, antiqa so‘zlar olamiga tushib qolamiz: intervyu, kol sentr, skayp, kavboy, feysbuk kabi. Undan tashqari S harfi halqaro kategoriya, standart, klassifikatsiya va ketma-ketlikda juda muhimdir: A V S.

Alifboga o‘zgartirishlar haqida gap ketganda nemis tili mutaxassisi sifatida shu til qoidalarini qo‘llashni afzal bilaman. Sababi bu til ingliz va boshqa tillardan kirib kelgan chet so‘zlarni qabul qilishda juda moslashuvchan, jumlani yo‘rig‘iga «yurgizadi»:

  • (ingl.) to download — (nem.) downloaden;
  • (ingl.) interview — (nem.) interviewen;
  • (fran.) chef — (nem.) shef;
  • (ital.) lasagne — (nem.) lasagne va boshqalar.

Til boyishi, chet so‘zlarni qabul qilishda moslashuvchanligi bilan tirik va jozibadordir. O‘zbek tili ham ayni shu jihati bilan tilimizni boyitishi va muloqotni yengillashtirishi mumkin, masalan:

  • (ingl.) to upload — (o‘zb.) uploadlamoq;
  • (ingl.) to interview — (o‘zb.) interviewlamoq yoki interview olmoq;
  • (ingl.) to chat — (o‘zb.) chatlashmoq va hokazo.

Aksar chet so‘zlarini biz rus tili va kirill alifbosi orqali olib, so‘ng yangi o‘zbek alifbosida yozmoqdamiz. Bu amaliyotdan voz kechish payti yetgan. Endi «vositachi» tillarni bir chetga surib, o‘zbek tili imkoniyatlaridan keng foydalanish shart. Ishni yangi o‘zbek alifbosi asosida o‘zbek tilida chet so‘zlar lug‘ati yaratishdan boshlagan ma’qul. Men taklif qilayotgan 28 harfdan iborat ushbu alifbo shu maqsadlarni ko‘zlagan. Yozuvda so‘zlarning bo‘linishini oldini olish uchun O‘ va G‘ o‘rniga biz Ö va Ğ harflarini ishlatganimiz yaxshiroq. CH va SH harf birikmalarining Ç va Ş harflar o‘rnida ishlatilishi yozuvdagi chalkashlikka barham beradi. Bu harflar, aniqrog‘i, harf birikmalarini yangi alifboga qo‘shmaslik kerak. Bundan tashqari S va W harflari yangi alifboda qanday talaffuz qilinadi, degan savol tug‘iladi. Bu ikkisi S (s) va W (qo‘shma v) deb talaffuz qilinadi.


Tilda rivojlanishga moslashuvchanlik va chet so‘zlaridan keng foydalanish soddalashtirilgan va amaliy jihatdan tan olingan alifboni taqozo etadi. Bu borada nemis tilida qo‘llanadigan tajriba va o‘zlashuvchanlikka oid misollar yangi o‘zbek tili va alifbosining jozibadorligini oshiradi, til bilan bog‘liq hozirgi muammolarimizni tezroq hal etishga yordam beradi.

Akmal Sohibov.

Germaniyaning Magdeburg shahridagi Ko‘ngilli qaytish markazi maslahatchisi, tilshunos.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.