Prezident tomonidan 26 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun [O‘RQ-796] imzolandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida muhokama uning nomi, muqaddimasi (agar mavjud bo‘lsa), har bir moddasi bo‘yicha alohida-alohida o‘tkaziladi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyotiga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi qonunosti hujjati loyihasining nomida mazkur loyiha bilan kiritilayotgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalarning mohiyati ko‘rsatilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek, ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi loyiha, qoida tariqasida, uni qabul qilish zaruriyati, sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan, shuningdek normativ-huquqiy hujjatning mohiyatini va ahamiyatini ochib beradigan muqaddimaga ega bo‘ladi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.