27 oktabr kuni Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 28 oktabr kuni tongda u «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.


Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tor doiradagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.


«Mamlakatdagi demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni, eng avvalo, innovatsiyalar, „yashil“ iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi birgalikdagi ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan «Markaziy Osiyo — YeI» formatidagi sammitda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash masalasi kelishib olindi.


O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, muzokaralarda O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilingan.

Shavkat Mirziyoyev «so‘z erkinligini ta’minlash sohasida juda yaqin va ochiq hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi», — deb yozadi u.

«Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning natijalarini baholash va ommaviy axborot vositalarini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi», — deya qo‘shimcha qildi Sherzod Asadov.