Toshkent shahridagi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 15 ta korxona faoliyati ekologik talablar to‘liq bajarilgunga qadar to‘xtatildi. Bu haqda 27 oktabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomuradovning ta’kidlashicha, atrof-muhitga ta’siri yuqori va o‘rta bo‘lgan korxona hamda tashkilotlar faoliyati ustidan muntazam ravishda monitoring ishlari olib borilmoqda.

«So‘nggi ikki yilda monitoring dasturiga kiritilgan korxonalar soni qariyb 2 barobarga ortib, qamrab olingan korxonalar soni 800 taga yetdi. Toshkent shahrining o‘zida 63 ta obyektda monitoring nazorati amalga oshirilmoqda», — dedi u.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston bo‘yicha joriy yilning 9 oyida 648 ta subyektda ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Atrof-muhitni me’yoridan ortiq ifloslantirganlik uchun 49,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari belgilangan.

«Shundan, atmosfera havosiga me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun 9,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari hamda qonunbuzilishi xolatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan 411 mln so‘m jarimalar belgilangan», — dedi qo‘mita raisi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida 2022 yilning o‘tgan davrida 60 dan ziyod subyektlarda ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 13,5 mlrd so‘mdan ortiq, atmosfera havosiga me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun esa 2 mlrd so‘mdan ziyod kompensatsiya to‘lovlari belgilangan.

«Poytaxtda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sud organlariga tegishli xujjatlar kiritildi. Shundan bugungi kungacha 15 ta korxona faoliyati ekologik talablar to‘liq bajarilgunga qadar to‘xtatildi», — dedi Narzulla Oblomuradov.