Toshkentning Zangiota va Buxoroning Jondor tumanlarida iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsuloti sotuvga qo‘yilishi oldi olindi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Zangiota tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan tezkor tadbirda o‘tkazildi. Unda fuqaro B.T. yashirin sex tashkil qilib, sanitariya qoidalariga zid ravishda turli xildagi go‘sht mahsulotlari tayyorlab sotish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi. Tadbir yakunida iste’molchilarning hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 1 271,5 kg go‘sht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shu kabi, Departamentning Jondor tuman bo‘limi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan o‘tkazilgan o‘rganish davomida, fuqaro F.F. «Jondor tuman EKO bozor» MCHJ hududida iste’molchilarning hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 1 100 kg go‘sht mahsulotini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksning 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.