Fly Dubai aviakompaniyasining Toshkent — Dubay yo‘nalishida FZ-1942 reysini amalga oshirayotgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 07:37 da Eronning Sheroz shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Favqulodda qo‘nishga samolyot ekipaj a’zolaridan birining ahvoli yomonlashgani sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng, ekipaj tomonidan eng yaqin ayeroportga qo‘nish haqida qaror qabul qilingan.

«Bortida 172 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkentdan soat 04:37 da havoga ko‘tarilgan va Toshkent vaqti bilan 07:50 da Dubay ayeroportiga qo‘nishi kerak edi. Biroq majburiy qo‘nish tufayli parvoz kechiktirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, kompaniya barcha yo‘lovchilarni oziq-ovqat hamda ichimlik sublari bilan ta’minlagan. Hozirda samolyot Dubayga uchishga hozirlik ko‘rmoqda.