AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tadbirkorlik va kasb-hunar o‘rgatish dasturini bitirgan 226 nafar ayolga 200 ming dollardan ortiq uskunaralarni tarqatishni boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga AQShning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

Qishloq ayollari ushbu uskunalar yordamida yangi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uskunalar USAID`ing umumiy qiymati 3,4 million dollarga teng Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish dasturi doirasida taqdim etilmoqda.

USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikayela Meredit ta’kidlashicha, qishloq ayollari o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini beruvchi moliyalashtirish imkoniyatiga va bilimga ega bo‘lsa, jamiyatning gender masalalariga nisbatan bo‘lgan munosabati o‘zgaradi va O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi yanada inklyuziv, barqaror va yuqori bo‘ladi.

Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish dasturi 2021 yilda ishga tushirilgan. 2022 yil apreldan avgust oyiga qadar esa USAID «Sabr» Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va 13 ta ijtimoiy yo‘naltirilgan NNT bilan hamkorlikda tadbirkorlik, moliyaviy va huquqiy savodxonlik, buxgalteriya hisobi, kredit olish, mehnat huquqlarini qamrovchi hamda gender zo‘ravonlik to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni tashkil etdi. Ularga 1000 ga yaqin qishloq hududlarda istiqomat qiluvchi ishsiz ayollar jalb etildi.

Bundan tashqari, bog‘dorchilik, asalarichilik, sutchilik, ipakchilik, quyonchilik, parrandachilik, shuningdek, milliy hunarmandchilik, mehmondo‘stlik xizmatlari, qandolatchilik, pazandachilik, tikuvchilik, sartaroshlik, buxgalteriya hisobi, kompyuter savodxonligi va AKT kabi yo‘nalishlarda maqsadli kasb-hunar ta’limi yo‘lga qo‘yildi. sentabr va oktabr oylarida USAID qo‘shimcha o‘quv dasturlarni ishga tushirdi.

Dastur doirasida bitiruvchilarning 500 nafariga ishga joylashish hamda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yish kabi imkoniyatlar yaratiladi. 226 nafar bitiruvchi esa uskunalar bilan ta’minlangandan so‘ng issiqxona, sutni qayta ishlash, parrandachilik, gilamdo‘zlik, tikuvchilik, kashtachilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni boshlaydi.