O‘zbekiston shimolida mudofaa jangini tashkil etish bo‘yicha majmuaviy taktik o‘quvi hamda kuch tuzilmalari hamkorligidagi maxsus taktik o‘quvlar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.

Majmuaviy taktik o‘quv chegara qo‘shinlari bo‘linmalarining jangovar navbatchilikni o‘tash vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartli terrorchilar hujumini qaytarishi bo‘yicha amaliy harakatlar bilan boshlandi.

O‘quvlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy okruglar vakillari, hududdagi kuch tuzilmalari mansabdorlari kuzatib bordi.

Jangovar chiziqda joylashgan o‘quv joylarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bo‘linmalari hamkorligida maxsus-taktik o‘quvlar o‘tkazildi.

Unda shartli ravishda temir yo‘l transportida hamda ko‘p qavatli binoda garovga olinganlarni ozod etish, blokpostga qilingan hujumni hamkorlikda qaytarish, merganlar juftligi harakati hamda aholi yashash punktida shartli dushmanni yakson qilish bo‘yicha maxsus harakatlar namoyish etildi.

O‘quv so‘ngida mehmonlar harbiy okrugda mavjud bo‘lgan zamonaviy texnika hamda poligon hududida yangidan barpo etilgan ekstremal sharoitlarda yashovchanlik shaharchasi bilan yaqindan tanishishdi.