Islandiyada o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha «World Fischer Random Chess Championship» jahon chempionatida dunyoning 8 nafar kuchli shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Unda o‘zbekistonlik rapid bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov 1-tur o‘yinida rossiyalik Yan Nepomnyashiyni mag‘lub etgan bo‘lsa, keyingi bosqichda amerikalik Uesli Sodan ustun keldi. So‘nggi 2 turdan so‘ng Nodirbek A guruhida peshqadamlik qilmoqda.



Nodirbek Abdusattorovning Yan Nepomnyashiyga qarshi bahsidan. Foto: Nodirbek Abdusattorovning rasmiy kanali

Nodirbek Abdusattorovning Uesli Soga qarshi bahsidan. Foto: Nodirbek Abdusattorovning rasmiy kanali

Endi o‘zbekistonlik grossmeyster guruhdagi so‘nggi o‘yinni islandiyalik Xyyorvar Steyn Gretarssonga qarshi o‘tkazadi. O‘z guruhida muvaffaqiyat qozongan shaxmatchilar yarim final bahsida qatnashadi.

Ma’lumot uchun, ushbu jahon chempionatida shaxmatchilar musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasidagi 400 ming dollar va 150 ming dollardan iborat birinchi mukofot uchun bahs olib boradi.