Qashqadaryodagi 48 ta maktabda Finlyandiya ta’lim tizimi joriy etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda 25 oktabr kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbari mutasaddilarga Qashqadaryoda ijtimoiy sohani yaxshilash maqsadida bir qator topshirqilar berdi. Xususan, bir oy muddatda 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi o‘quv yilidan Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etish vazifasini topshirdi.

Shuningdek, 13 ta bog‘chani qayta qurish hamda 14 ta mahallada yangi bog‘cha qurish loyihasini 2023 yil investitsiya dasturiga kiritish hamda yil yakuniga qadar 189 ta oilaviy bog‘cha tashkil etishga 4,5 milliard so‘m, 2023 yilda 380 ta bog‘cha tashkil etishga 52 milliard so‘m subsidiya ajratish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Finlyandiya ta’lim standarti bo‘yicha boshlang‘ich sinflar uchun darslik tayyorlangani haqida gapirgandi.

«Darsliklar masalasida ham ancha muammo bor ekan, uning ichiga kirish kerak. Darsliklar saviyasi haqida katta muhokamalar bo‘ldi. Finlyandiyaning standarti bilan bir xilda 1−4 sinflar uchun darsliklar qiladigan bo‘ldik. Nimaga desangiz, Finlyandiya xalq ta’limi Yevropa miqyosida, umuman dunyoda raqobatga chidamli, ko‘p tajribani o‘zidan o‘tkazgan», — degandi prezident.