Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi O‘zbekiston bo‘ylab 64 ta savdo shoxobchalarida monitoring o‘tkazdi va ko‘plab kontrafakt xamirturushlar — taniqli brendlarning soxta mahsulotlarini aniqladi, deb xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Monitoring xamirturush hamda pishiriq kukunining rasmiy distribyutori bo‘lgan Angel va Baker Dream brendining talabiga binoan amalga oshirildi.

Monitoring natijasida Agentlik tomonidan 54 ta holatda (85 foiz) savdo va xizmat ko‘rsatish joylarida mahsulotlarni sotish holatlarda uning yuridik shaxs nomi va savdo shoxobcha joylari qayd etilib, mutasaddi tashkilotlarga zarur choralarni ko‘rish uchun ma’lumotnoma taqdim etildi.


Agentlikning qayd etishicha, odamlar salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan narxi past kontrafakt mahsulotlarning sotuvi ortib borayotgani ko‘plab iste’molchilarni o‘ziga jalb etmoqda.

«Xamirturush bakteriyasining bardoshli ekanligi haqida iste’molchi hech qanday ma’lumotga ega emas. Aslida xamirturush ishlab chiqarish maxsus sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilgan sharoitda ishlab chiqarilishi shart. Aks holda bunday mahsulot inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq», — deya qayd etadi agenlik.


Mahsulotni sotib olishdan avval, qadoq va undagi belgilarga e’tibor qaratish lozim. Kontrafakt mahsulotlar aniqlangan taqdirda vakolatli organlarga yoki agentlikning 1159 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish kerak.