Davlatdan nafaqa oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2 mlndan ortiq, biroq ularning hammasi ham kam ta’minlangan bo‘lib chiqmayapti. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatlagi yalpi majlisida ma’lum qildi.

Mazkur mavzuga deputatlar tomonidan 2022 yilga mo‘ljallangan davlat dasturining to‘qqiz oy yakuni bo‘yicha ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti keng muhokamasi vaqtida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, O‘zLiDeP partiya fraksiyasi a’zosi Jumayev Nodir tomonidan Moliya vazirligiga taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2026 yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinishi yuzasidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobini keltirishni so‘radi.

«Bu bo‘yicha ishlar o‘tgan yildan beri qadamma-qadam amalga oshirib kelinmoqda. 2021 yildan minimal iste’mol xarajatlari me’zoni kiritildi. O‘z navbatida, 2022 yildan boshlab yagona ijtimoiy himoya reyestriga qabul qilish uchun minimal xarajatlar aholi jon boshiga tushadigan daromadni belgilovchi me’zon sifatida belgilandi. Agar aholi daromadlari ushbu minimal xarajatlardan kam bo‘lsa yagona reyestrga kiritilishga va davlatdan nafaqa tayinlanishiga sabab bo‘ladi», — deya javob berdi moliya vaziri.

Shuningdek, mutasaddi vakil oxirgi uch yil ichida davlat tomonidan nafaqa oladigan oilalar soni keskin o‘sganini qayd etdi.

«2019 yilda 600 mingga yaqin oilalar davlatdan nafaqa olgan, hozirga kelib bunday oilalar soni 2 mlndan oshdi. Bu O‘zbekistonda mavjud oilalarning 25−26 foizini tashkil etadi», — deya ta’kidladi Timur Ishmetov.

Shuningdek, u yagona reyestrni doimo takomillashtirib borish kerakligini va sifat tomondan ham mahallalardagi tegishli vakillar bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini qayd etdi.

«Oldimizda turgan savol: qamrov kengaydi, ammo ishlarning sifati qanday ketayotganini ham nazoratga olish vazifasi turibdi. 2026 yilgacha yuqorida aytib o‘tilgan qadamlarni yanada rivojlantiramiz. Hokim yordamchilari va ayollar faollari yordamida xonadonma xonadon yurib, nafaqa olayotganlar haqiqatdan ham kam ta’minlangani yoki yo‘qligi borasida qo‘shimcha ma’lumotlar yig‘yapmiz. Amaliyotda ko‘rinmoqdaki, mezonlarni ayrim hollarda qat’iylashtirishimiz kerak. Biz rasmiy ravishda 20 dan ortiq vazirliklar bazalaridan yig‘ilgan ma’lumotlarga asosan, ehtiyojmand deb ko‘rilayotgan oilalarning ayrimlari ehtiyojmand emas bo‘lib chiqyapti. Yoki aksincha, ehtiyojmand oilalarni qamrab olish yetarli bo‘lmayapti. Bu bo‘yicha ishlashimiz lozim», — deya fikriga yakun yasadi moliya vaziri.