Seshanba kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, prezident birinchi navbatda viloyatda beshta yo‘nalishda — tadbirkorlik, sanoat, agrar, ichimlik suvi ta’minoti, ijtimoiy sohada erishilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, viloyatda tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali kelgusi yilda 207 ming nafar ish o‘rni yaratish zarurligi aytildi.


Shuningdek, sanoatda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish, 22 ta noruda konni o‘zlashtirib, talab yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni borligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, paxtani chuqur qayta ishlash darajasini 32 foizdan 56 foizga chiqarish uchun klasterlar tomonidan 2 trillion so‘mlik 12 ta loyihani yakunlash zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish, 18 ming gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilab, qo‘shimcha 90 mlrd so‘mlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 mln kub metr suvni iqtisod qilish, 10,5 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirish hisobiga, 32 ming oila bandligini ta’minlash imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident hududda markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minotini kelgusi yilda 60 foizga yetkazish lozimligini ham ta’kidladi.


Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov hududni rivojlantirish ishlari holati va istiqboldagi maqsadlar yuzasidan hisobot berdi. Uning ma’lum qilishicha, sanoat yo‘nalishida ishlab chiqarish 15 trln so‘mni, aholi jon boshiga 4,4 mln so‘mni tashkil qilgani, sohada band aholi qariyb 44,8 ming nafarni tashkil etadi.

2023 yilda drayver sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirish hisobiga bu ko‘rsatkichlarni tegishlicha 24 trln so‘m, 6,3 mln so‘m va 45,2 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

2022 yilda umumiy qiymati 1,9 mlrd dollarlik 844 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada 12,4 mingta ish o‘rni yaratiladi. 2023 yilda 3,4 mlrd dollarlik 769 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, buning natijasida 13 186 ta ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 2,9 trln so‘mga, budjetga tushumlarni 712 mlrd so‘mga, eksportni 165 mln dollarga oshirish, 110 mln dollarlik importni o‘rnini bosish kutilmoqda.

Viloyatning eksport hajmi 2022 yilda 26 foizga o‘sib, 280 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda. 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 400 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.