Yaponiya O‘zbekistonga kichik ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish davlat dasturi doirasida 270,6 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratdi.

20 oktabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida uchta loyiha bo‘yicha grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Grantlar uchta tibbiyot muassasasini tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash uchun ajratiladi. Bular:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani tibbiyot birlashmasi (90,6 ming dollar);
  • Buxoro viloyati Peshkun tumani tibbiyot birlashmasi (90 ming dollar);
  • Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 17-sonli oilaviy poliklinika (89,9 ming dollar).

Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama 1995 yildan buyon ushbu dastur doirasida sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati qariyb 27,6 million dollarlik 410 dan ortiq loyiha amalga oshirilganini ta’kidladi.