Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni Turkmanistonga yetib bordi. Shu kuni Turkmaniston prezidentining qarorgohi — «O‘g‘uzxon» saroy majmuasida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushdi

Marosimda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirok etdi.


Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.


Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalar bo‘lgani ta’kidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar «yo‘l xaritasi» asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani aytildi.


Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Turkmanistonning ko‘p qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda ham muzokara o‘tkazdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib borayotganini qayd etdi.

«Ming yillar davomida o‘zbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch bo‘lib kelganlar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlar o‘rtasidagi jadal rivojlanib borayotgan bugungi hamkorlikning mustahkam poydevorini shakllantirishga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi.

Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi bo‘lib xizmat qilayotgani, mamlakatlarning ulkan salohiyatini ishga solish uchun ko‘proq harakat qilish zarurligi ta’kidlandi.


O‘zbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. 21 oktabr kuni davlat rahbarlari ushbu zonaning qurilishini boshlab beradi.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi.


Transport sohasi — hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri. Davlat rahbarlari «Sharq — G‘arb» va «Shimol — Janub» yo‘nalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldi.

Mamlakatlar suv sohasida hamkorlik qilayotgani qayd etildi. Toshkentda imzolangan Amudaryo bo‘yicha bitimni keng ko‘lamda amalga oshirmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlar orasida — hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, ta’lim, san’at, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdi.


Kelgusi yilda ikkala mamlakatda barcha viloyatlar ishtirokida Madaniyat va kino kunlari, yoshlar festivallari o‘tkaziladi.

Belgilangan maqsadlarga erishishda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga, ikki mamlakatning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz, — dedi muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi.