22−26 oktabr kunlari O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo, so‘ngra Volga bo‘yi hududlaridan sovuq havo massalari kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet bosh direktor Sherzodxo‘ja Habibullayev o‘zining Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

O‘zbekistonda shanba kunidan boshlab, chorshanba kunigacha respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Xususan:

  • 22 oktabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi;
  • 23 oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi;
  • 24 oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
  • 25 oktabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi.
  • 26 oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

23−26 oktabr kunlari tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

21−22 oktabr va 25 oktabr kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 23 oktabr va 26 oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha, 26 oktabrda ba’zida 23−25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Respublika bo‘yicha havo harorati me’yordan +8…+10 darajaga pasayishi kutilmoqda.