20 oktabr kuni prezident «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-405-sonli] qarorni ma’qullab, imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

1 yanvardan Kadastr agentligining o‘zi hududiy tuzilmalar faoliyatini tashkil etadi. Hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi.

Hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar aralashishi yoki ta’sir o‘tkazishi qat’iy taqiqlanadi.

Shuningdek, 1 iyulgacha Kadastr agentligi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni «E-ma'muriy ish» tizimi orqali elektron ko‘rib chiqish imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari qaror bilan Kadastr agentligi markaziy apparatida — Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etildi.

Kadastr agentligining hududiy boshqarmalarida — chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etildi.

Shuningdek, Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida — Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi, «Geoinnovatsiya markazi» DUK tuzilmasida — qiyoslash va kalibrlash laboratoriyasi, doktorantura faoliyati, Fazoviy ma’lumotlar sohasida standartlash boshqarmasi hamda Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tashkil etildi.

Yangi o‘zlashtirilgan yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga muvofiq viloyat hokimlari qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritiladi.

Bundan tashqari qaror bilan 2023−2026 yillarda Kadastr agentligi faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari va uning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish dasturiga ko‘ra, agentlik 25 169 gektar yer uchastkalarini o‘lchab ularning elektron xaritalarini yaratadi.