Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni Turkmanistonga tashrif buyurib, Serdar Berdimuhamedov bilan tor va kengaytirilgan doirada muzokaralar o‘tkazgandi. Shundan so‘ng, oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston — Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar, shu jumladan:

  • O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida siyosiy muloqot, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish bo‘yicha 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar rejasi;
  • Ikki tomonlama tashqi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston va Turkmaniston hududlarida savdo uylari faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim;
  • Ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  • Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Bundan tashqari, elektr eneregetikasi, bojxona ishi, veterinariya va chorvachilik, kinematografiya va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.