Ma’rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkum. Erksiz millatning tanazzuli muqarrar. Ilmu-ma'rifatsiz jamiyat o‘z taraqqiyot yo‘lini ochiq ko‘z bilan ko‘rishga qodir emas. Erksiz millat o‘z taqdiriga dahldor katta-kichik qarorlarni mustaqil qabul qilish huquqidan mosuvodir. Bir millat bir vaqtning o‘zida ham ma’rifatdan, ham erkidan mahrum etilishi uni qoloqlikka, mutelikka, alaloqibat, millat sifatida tanazzulga yetaklaydi. Sababi, u o‘zini millat sifatida tanitib turuvchi belgilarini asta-sekin yo‘qotib, ongsiz olomonga evriladi.

Bosqinchi davlat o‘z mustamlakasida yerli aholini haq-huquqlaridan ham ko‘ra ilmdan yiroq tutishga ko‘proq urinadi. Sabab — ilmsiz kishi mavjud haq-huquqini ham tanimasligi mumkin, biroq ilmli kishi shubhasiz erkinlikka talpinadi. Har tomondan solingan sirtmoqlarni uzish, kishanlarni parchalash yo‘lida bor aqlu-zakovatini ishga soladi. Qolaversa, u ilmsizga ham o‘z haq-huquqini tanitib qo‘yishi ehtimoldan yiroq emas.

Mirzakalon Ismoiliyning (1908−1986) “Farg‘ona tong otguncha” tarixiy romani XX asr birinchi yarmida bosqinchi chor Rossiyasi hukmronligi ostidagi Turkiston o‘lkasining qonga botirilgan tarixi — qamchisidan qon tomgan katta-kichik amaldorlar, nafsi buzuq boylarning zulmi, fitna va aldovlari ortidan qashshoqlikka mahkum, ilmu-ma'rifatdan yiroq, haq-huquqlari va erkidan mahrum, qora mehnatdan boshi chiqmagan, shunga qaramay, mudom yorug‘ kunlar ilinjida yashab o‘tgan taqdirlarga bag‘ishlanadi. Muallif mustamlaka yillarida yashab, mustabid hukumat ta’qibiga uchragan, zulmni o‘z tanasidan o‘tkazgan kishi sifatida o‘sha davrlardagi xalq dardini qalban his etgan va buni kitobxon ko‘ngliga mahorat bilan ko‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Asar dastlabki sahifalardanoq o‘quvchini o‘z qatlariga singdirib yuboradi-yu, o‘quvchi qahramonlar taqdiriga ular bilan yelkama-yelka turib guvoh bo‘ladi.

Bugun o‘sha qora kunlarni yashab o‘tgan ajdodlar hamda muallif xotirasiga chuqur hurmat bilan, ana shu roman xususida gaplashishni lozim topdik.

Moziyga qaytib…

Asar mohiyati va g‘oyalarini teranroq anglash uchun asar voqealari bo‘lib o‘tgan davr tarixini bir qur esga olish maqsadga muvofiq.

XIX asr birinchi yarmida O‘rta Osiyo xonliklari o‘rtasidagi to‘xtovsiz urush va ziddiyatlar ularning yangi mustamlakalar uchun tinimsiz kurash olib borayotgan yirik mustamlakachi davlatlar ko‘z o‘ngida tayyor o‘ljaga aylanishlariga zamin yaratdi. Xonliklar bilan faol savdo aloqalariga ega bo‘lgan Angliyaning O‘rta Osiyoni egallashi yoki o‘ziga qarshi qo‘yishidan xavfsiragan Rossiya imperiyasi qulay fursat tug‘ilishi bilan otni qamchilab qolishni ma’qul deb topdi. O‘rta Osiyo xalqlari bosqinchilarga faol qarshilik ko‘rsatganligiga qaramay, hukmron doiralar o‘rtasidagi boshboshdoqlik, yakdillikning yo‘qligi oxir-oqibat xonliklarni mustamlakaga aylantirdi. 1967-yilda Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyo ustidan to‘liq nazorat o‘rnatib, to‘la harbiylashgan Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi, general-gubernator hamda hokimlarga mislsiz vakolatlar berdi.

Turkiston o‘lkasi Rossiya yengil sanoati uchun xomashyo bazasi, Yevropa bozorlari bilan raqobatlasha olmaydigan mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun potensial yangi bozor vazifasini o‘tadi, qolaversa, qashshoq rus dehqonlarini hosildor yerlar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynadi. O‘lkaning barcha tabiiy boyliklari Rossiya imperiyasi iqtisodiyotiga yo‘naltirildi.

Xususan, yer davlat ixtiyoriga o‘tkazilib, xususiy yer maydonlari ijara huquqi asosida foydalanish evaziga yirik miqdordagi soliqqa tortildi. Soliqni to‘lashga qurbi yetmay, qarzga botgan kambag‘al dehqonlar uchun yerlarini davlatga yoki mahalliy boylarga arzongarov pullab, yirik mulkdorlar qo‘lida arzimagan haq evaziga ishlashdan boshqa chora qoldirilmadi. Eng hosildor yerlar yangi ko‘chirib keltirilgan qashshoq rus dehqonlari va kazaklarga olib berildi. Rossiyadan kirib kelgan sanoat tovarlari mahalliy hunarmandlar mahsulotlarini bozordan siqib chiqara boshladi. Natijada tirikchilik manbayidan ayrilgan xalq tobora qashshoqlashdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, XX asr boshlarida mahalliy aholining 70 foizini kambag‘allar, 17 foizini o‘rta hol kishilar, 13 foizini o‘ziga to‘q boylar tashkil etgan.

XIX asr oxirlariga kelib yo‘qchilik, hokim-to‘ralarning zolimligi, mahalliy boylar va amaldorlarning o‘g‘ri va noinsofligi xalqning sabr kosasini to‘ldirdi — o‘lkaning turli hududlarida qurolli qo‘zg‘olonlar avj oldi. Mustabid hukumat esa qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlarcha bostirib, o‘lkani qonga botirdi. Ayni paytda mahalliy ziyolilar o‘lkani mustabid zulmidan xalos etish, xalqni yorug‘likka olib chiqishning birdan-bir yo‘li ma’rifat ekanligiga iymon keltirishdi va shu maqsadda o‘z saflarini kengaytirish, kuchlarini birlashtirish tadorigini ko‘ra boshlashdi.

Ma’rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkum

Romanning birinchi kitobi — “Qa'r guldurosi”da mustabid hukumat, shu bilan birga, ko‘zini davlat va mansabning shirasi bosgan aksariyat mahalliy boy va amaldorlar tomonidan o‘lkada ma’rifatga qarshi ochilgan urush alangasiga guvoh bo‘lamiz. “Qora xalq"ni jaholatda, jismonan qullikda, ma’nan qashshoqlikda, madaniy jihatdan qoloqlikda tutib turishdan manfaatdor bo‘lgan uch toifani ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunda ularning har qaysisi xalq orasida muayyan ta’sir kuchi va vakolatlarga ega ekanligi bilan harakterlanadi.

Birinchi toifa — mustabid hukumati amaldorlari. Ular xalqning savodi chiqib, haq-huquqlari toptalayotgani, tabiiy boyliklari tortib olinayotgani va tashib ketilayotgani, ularning bir burda non ilinjida qora terga botib qilgan mehnati evaziga imperiyadagi katta-kichik amaldorlar va yer egalari, savdo-sanoat vakillari boyigandan-boyib borayotganligini tushunib yetishi mumkinligi sabab, ularni muttasil yo‘qsillikda, jaholatda saqlashdan manfaatdor edilar. Zotan qashshoqlikda kun kechiruvchi kishining tiriklik g‘amidan ortib, ilm talabida bo‘lishi real voqelikda nisbatan mantiqsiz hodisa.

Qolaversa, o‘lka aholisi qanchalik ma’naviy va madaniy jihatdan orqada bo‘lsa, bu imperiyaning ular ko‘z o‘ngidagi nufuzini shunchalik oshirar, uni yuksak taraqqiyot namunasi qilib ko‘rsatar edi.

Hukumat tomonidan rus va mahalliy aholi bolalari qo‘shib o‘qitiladigan rus-tuzem maktablari tashkil etilganligi — bu hukumatning marhamati emas, balki mahalliy aholini ruslashtirish siyosatining bir qismi, aholi orasida rus madaniyatini singdirish yo‘lidagi tadbir edi. Bundan tashqari, qishloq va qashshoq oilalar farzandlari bunday maktablardan ham benasib edilar.

Ikkinchi toifa — ayrim o‘ziga to‘q boylar. Boylar, yirik yer va ishlab chiqarish egalarining manfaatlari hukumat manfaatlari bilan nisbatan uyg‘un edi. Ular o‘z faoliyatlarida savodli, hisob ilmidan xabardor bo‘lgan kishilar yoki boshqa turdagi texnik xodimlarga ehtiyoj sezsalar-da, ularning yerli aholi emas, boshqa millat vakillari, xususan, ruslar bo‘lishini afzal ko‘rganlar. Sababi — mahalliy boylar milliy boylikni qanday talon-toroj qilayotganlari yoki bu borada bosqinchilarga qanday ko‘maklashayotganlari, kambag‘allar nonini qanday tuya qilayotganlaridan vatandoshlarining (baxtga qarshi) xabardor bo‘lib qolishiyu, ularga qarshi bosh ko‘tarishi, boyliklarini talab, qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yishini, tabiiyki, istamas edilar. Bundan tashqari, ilm o‘rgangan, haq-huquqini taniganlar ularning qo‘lida arzimas haq evaziga mehnat qilayotgan mehnatkashlarni “yo‘ldan urib qo‘yishi” ehtimoli ham yo‘q emasdi.

Uchinchi toifa — ko‘pchilik din peshvolari, jumladan, qozilar, imomlar, musulmon bolalariga diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalar. Ular o‘lkada ma’rifatning taraqqiy topishiga ikki asosga ko‘ra jiddiy qarshilik ko‘rsatishgan. Birlamchi asos — ular dunyoviy ilmni g‘ayridinlar ilmi, shu nuqtai nazardan musulmonlar uchun bu ilmlarni o‘rganish nojoiz, deb hisoblaganlar.

Taassufki, bu o‘rinda g‘oyatda mantiqli bo‘lgan bir mulohaza bor: yer yuzida insonlar xilma-xil etnik guruhlar, turli dinlarga mansub bo‘lishlariga qaramay, bir xil biologik va boshqa turdagi ehtiyojlarga ega bo‘lib, ularning hayot tarzi qisman bir-biriga o‘xshashi shubhasiz. Shunday ekan, ular bir xil ilmlarga ehtiyoj sezishlari ham tabiiy.

Ular aynan shu mulohazani e’tibordan chetda qoldiradilar. Qolaversa, ular kundalik turmushlari, o‘z ta’birlari bilan aytganda, g‘ayridinlar ilmining mahsuli bo‘lgan katta-kichik xilma-xil ashyolar bilan to‘lib-toshganligini ko‘rishdan ojiz edilar. Ikkinchi asos — ko‘proq diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalarga taalluqli bo‘lib, ular dunyoviy ilmlarning o‘qitilishi, xususan, yangi usul maktablarining ommalashishi natijasida o‘z maktab va madrasalarining yopilishidan xavotirda edilar. Zero, Yaratganning qudrati va marhamatiga muhabbat uyg‘otishga emas, bandasi oldidagi qo‘rquv va g‘ayrishuuriy itoatga asoslangan, allaqachon eskirgan o‘qitish uslubi bolalarni tobora bezdirib borayotgan bir paytda bu havotir o‘rinsiz emasdi.

Shu o‘rinda yana bir jihatni eslab o‘tish joiz. Yuqorida ham ta’kidlanganidek, qashshoqlikda kun kechirayotgan xalq uchun savod chiqarish, ilm o‘rganish ikkinchi darajali masala. Shunday ekan, asosan o‘rta hol hamda o‘ziga to‘q aholi vakillaridagina bunday imkon bor edi. O‘ziga to‘q boylarning kambag‘alga qayishmasligi va o‘rta hol aholining qolgan aholi qatlami oldida nisbatan ozchilikni tashkil etishi hisobga olinsa, xalqparvar, millatparvar savodlilar va ziyolilar ko‘p bo‘lmaganligini tahmin etish mumkin.

Biroq ma’rifatning zarragina uchquni ham imperiya hokimiyatining mo‘rtlashishi uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini anglagan bosqinchilar xalqning savodini chiqarish maqsadida mahalliy ziyolilar tomonidan boshlangan yangi usul maktablarini tashkil etish harakatiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishgan.

Xususan, qahramonimiz G‘ulomjon madrasani tashlab, rus alifbosini o‘rganib, qishloq bolalarining savodini chiqarish maqsadida o‘z uyida tashkil etgan kichik maktabga qishloq qozisi va imomi boshchiligida o‘t qo‘yilishi o‘lkada ma’rifatga qarata ochilgan urushning yaqqol namunasi sifatida namoyon bo‘ladi. Keyinroq kichik Dilshodning, domlasining tazyiqlari, jismoniy ozorlariga qaramasdan dunyoviy ilmlarni o‘rganish uchun rus-tuzem maktabiga qochib ketishi, ramziy ma’noda, ma’rifatning tutqunlikdan nihoyat xalos bo‘lishidir ehtimol.

Xalqning birlashib, tosh kesib, tog‘ni teshib, zilziladan keyin qaqrab qolgan yerlarga suv chiqarish yo‘lidagi jasoratida ham allaqanday ramziy ma’no bordek. Zero, ilmsiz jamiyat qaqragan yer kabi hosilsiz, hech nima unmaydi.

Zulm ustiga qurilgan hokimiyatning tanazzuli muqarrar

Romanning ikkinchi kitobi — “So‘nggi kecha” oddiy fuqaro haq-huquqlarining toptalishi, xalq mehnati evaziga bunyod bo‘lgan boyliklarning sanoqli shaxslar qo‘lida to‘planishi, ayni paytda, Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyati ortidan podsho hokimiyatining yemirilishi va ezilgan xalq qalbida yorug‘ kunlarga bo‘lgan umid uchqunlarining alanga olishi haqida hikoya qiladi.

Birinchi jahon urushi davrida oddiy xalq turmushining yanada og‘irlashishi, buning ustiga, urushda kuchsizlanayotgan, mag‘lubiyati muqarrar bo‘lib qolgan Rossiya armiyasi ta’minoti uchun soliqlarning oshirilishi, o‘lkadan yuz minglab yosh yigitlarning noma’lum muddatga mardikorlikka olib ketilishi xalqning paymonasini to‘ldirdi.

Yangi soliq — yeyishga bir burda noni yo‘q qashshoq dehqonning uyi kuydi degan gap edi. Hokim, mingboshi yoki qozining bir og‘iz so‘zi bilan Sibir qilingan, avaxtaga tashlangan yoki devorga bosilgan yigitlarning dog‘i kamlik qilgandek, endi “qora xalq” erlarini mardikorlik degan noma’lum taqdir kutardi. Qancha oilalar boquvchisidan ayrilib, qishloqlar bo‘shab qola boshlagan edi. Biroq urushdagi mag‘lubiyat ortidan podsho hokimiyatining zaiflashayotganligi mahalliy ziyolilar, inqilob kayfiyatidagi kuchlarga qo‘l keldi.

Ayni paytda inqilob kayfiyatidagi kuchlar ikki xil oqim bo‘ylab harakat qilmoqda edilar. Birinchi oqim — tashqi kuchlar, xususan, Angliya ko‘magi bilan burjua inqilobini yasab, hokimiyatni millatchilar qo‘lida ushlab qolish va ozchilik manfaatlariga bo‘ysundirish tarafdorlari. Ikkinchisi — proletar diktaturasini o‘rnatib, hokimiyatni ishchilar sinfi qo‘liga o‘tishi tarafdorlari. Hokimiyatning mustabid hukumat qo‘lidan burjua sinfi qo‘liga o‘tishi ishchilar sinfi, oddiy xalq vakillari uchun hech qanday ma’no anglatmasligini yaxshi anglagan xalqparvar ziyolilar imkoniyatni boy bermaslik uchun hayotlarini xafvga qo‘yib bo‘lsa-da harakat qilardilar.

Ko‘pchilik mahalliy boy va amaldorlar tobora o‘z davlatlari va hokimiyatlarini kengaytirib, jannatmonand saroylariga mahliyo bo‘lib, shoxona hayot zavqini surish bilan band ekanlar, bu saroylarning, hokimiyatning, davlatning xalqparvar ziyolilarning xufya tadbirlari ortidan kundan-kunga nurab borayotganidan xabarsiz qoldilar.

Ilgari xalq taqdiri azal deb ko‘nib kelgan bo‘lsa, endi qaramlikdan, haq-huquqlarning poymol etilishidan, tanlov imkonining qoldirilmasligidan bo‘g‘ila boshladi va jon talvasasida birlashib, favqulodda bir jasorat bilan zolimlarning qarshisiga chiqishga o‘zida iroda topa oldi.

Qafasga tiqilgan To‘ti

Shu o‘rinda romanning har ikki kitobida alohida urg‘u berilgan yana bir jihatga to‘xtalmoqchiman: biz qadriyat deb ataydigan narsa — yozilmagan ijtimoiy me’yorlar va o‘sha qadriyatlarning kasriga qolib, qadri toptalgan ayollar qismati. Ayolning kimningdir farzandi, ayoli, onasi, opasi, singlisi bo‘lishdan tashqari alohida shaxs — odam ekanligini, hech kimi yo‘q bo‘lgan taqdirda ham mavjud ekanligining unutilishi.

Nima uchundir musulmon yoki aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat dunyoviy davlatlarda aksariyat ayollar taqdiri, ularga bo‘lgan munosabat bir-biriga o‘xshash: hali bolalik aqli va kayfiyati tark etmagan go‘daklar ustidan bir buyumdek hukm o‘qiladi, mutaassib otalar o‘z manfaati yo‘lida qizlarini pullashdan, To‘tidek qafasga tiqib, “palahmon toshi” deb boy xaramiga uloqtirishdan or qilmaydi, nomussiz boylar yoki ayrim din peshvolari ko‘zi tushganki ayolni bir nechta xotini ustiga nikohlab olish payida bo‘ladi. U jaholat zamoni o‘tib ketdi, dersiz. Yo‘q, o‘tmadi. Nazarimda, bugun faqatgina o‘zgargan tuzum, qonun nisbatan tiyib turibdi xolos.

O‘sha o‘zbekchilik, qadriyat deb haspo‘shlaganlari — bir qiz — shaxs taqdiriga, tug‘ilish-tug‘ilmasligidan tortib, kim bilan turmush qurishi, nechta farzand ko‘rishi, bolasi nima kasb tanlashigacha, butun boshli urug‘i hokimlik qilishi — o‘taketgan ahmoqgarchilik.

Aslida ayolning ixtiyori otasi, akasi, ukasi, eri, o‘g‘li yoki unga aloqador har qanday erkak izmida emas. To‘g‘ri, ular bilan hisoblashadi, maslahatlashadi, fikrlarini, o‘zlarini hurmat qiladi, lekin eng oxirgi qarorni o‘zi qabul qilishi lozim. Gap uning taqdiri ustida ketganda, eng avvalo uning istagi bilan hisoblashish shart.

Har qanday rahbar — xalq otasi emas

Xulosa qilishdan oldin, romanda e’tiborimni tortgan yana bir jihatni qayd etib o‘tmoqchiman.

Xalqni uzoq yillar davomida qon-qoniga singib ketgan “oqsoqol/hokim/rahbar — yurt/xalq otasi” degan qarashlar ham xarob qildi, nazarimda. Nega?

Keling, o‘sha davrdagi va hozirgi kundagi aksariyat klassik o‘zbek oilalari, undagi otaning o‘rni va otaga nisbatan munosabatni ko‘z oldimizga keltiramiz.

Ota — ulug‘ zot. Bu uning hamisha ulug‘lanishi (masalan, uni madh etish yoki suratini uy to‘riga osib qo‘yish va hokazo) va aslo behurmat qilinmasligi (masalan, so‘zini ikki qilmaslik, tanqid qilmaslik yoki kamchiliklarini ochiq aytmaslik va hokazo) lozimligini anglatadi.

Ota — oila boshlig‘i. Bu uning har qanday oilaviy masala yuzasidan hech kim bilan hisoblashmasdan mustaqil qaror qabul qilish (masalan, oilaviy budjetni qanday taqsimlash) va istalgan oila a’zosi taqdiri ustidan uning roziligisiz hukm chiqarishga (masalan, o‘g‘lining qaysi kasb egasi bo‘lishi, qizini kimga uzatish va hokazo) haqli ekanligini anglatadi.

Ota — oila tayanchi va posboni. Bu farzandlarning, masalan, kichikligida och qolishning g‘amini qilmasligini yoki qo‘shnining o‘zidan baquvvatroq bolasi, otasi qulog‘ini cho‘zib qo‘yishidan cho‘chib, unga nisbatan mushtumzo‘rlik qilmasligini anglatadi.

Bundan tashqari, ota, aytaylik, qattiqqo‘lroq bo‘lgan taqdirda, ayrim oilaviy muammolar yoki oila a’zolarining “ishkallari” undan sir saqlanishi, unga go‘yo hamma ishlar risoladagidek, silliq ketayotgandek ko‘rsatilishi mumkin. Yoki ota uyga qaytadigan paytda hovliga suv sepib, supurilgan, hammayoq chinnidek sarishta, dasturxon tayyor, barcha oila a’zolari qo‘llari ko‘ksida, otaning xizmatiga shay turishlari zarurligi kabi yozilmagan axloq qoidalari ham uchrab turadi.

Shuningdek, oila boshlig‘ining uyga kelishini jon hovuchlab kutadigan o‘zbek oilalari yo‘q emas. Xuddi qishloq mehnatkashlari hokim-to‘raning qishloqqa kelishi to‘g‘risidagi xabarni yoqimsiz qarshi olgani, joni bo‘g‘ziga tiqilib, bu safar kimni o‘qqa tutadi yo dorga ostiradi-yu, kimdir qamchi yoki darra bilan qutulib qoladi, deb bir-biriga mo‘ltiraganidek.

Xo‘sh, ko‘z oldingizga kelgan manzarada qaysidir jihatlar boshqa bir kontekstda ham amal qiladigandek, juda-juda tanish tuyuldimi? Ha, xalqni mana shu o‘z boshiga o‘zi olib kelgan an’anasi xarob qildi — har qanday amal, mansab egasini, istalgan rahbarni “ota” deb boshiga ko‘targanligi uni oxir-oqibat o‘sha “ota"ga farzand emas, yo yugurdak, yo qul bo‘lish zarurati oldida tang qoldirdi. Ular — sodda, mehnatkash, sho‘rpeshona xalq har qanday amaldor yoki rahbarning aslida xalqning yollangan xizmatchisi ekanligi, uning xalq manfaati yo‘lida ko‘rsatgan karomatlari aslida xalq to‘lagan haq evaziga bajarilishi lozim bo‘lgan o‘z xizmat vazifasi ekanligi to‘g‘risidagi oddiy haqiqatni anglab yetmadilar.

Ikkinchi kitob 1917-yil fevralda yuz bergan milliy ozodlik yo‘lidagi eng yirik xalq qo‘zg‘oloni bilan yakunlanadi. Muallif mazkur inqilob tub burilishlarga olib kelishiga — nihoyat tong yorishishiga umid bildirib, uni “tong shafag‘i"ga mengzagan. 1917-yil fevral voqealari — podsho hukumatining ag‘darilishi xalqqa katta umid bag‘ishlaganligiga qaramasdan, ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning kuzida Turkistonda yana Rossiya mustamlakachi kuchlari boshchiligida sovet hokimiyati o‘rnatiladi va undan keyingi 70 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘lka yana qaramlik qismatiga mahkum etiladi.

Muallif romanni trilogiya sifatida hayolda pishitgani haqida yozib qoldirgan. Biroq, uning hozirgacha Sobiq ittifoq davrida nashr ettirilgan ikkita kitobi bizga ma’lum bo‘lib, uchinchi (ehtimol, inqilobdan keyingi bir necha o‘n yilliklar tarixi yoritilgan) kitobi nashrdan chiqqanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas.

Asar o‘lkamiz, ajdodlarimiz tarixi va taqdirini shunchaki o‘qib chiqishni emas, qalban his etishni istagan har qanday kitobxonni qo‘ldan qo‘ymay o‘qishga majbur qila oladi. Mahoratli adib va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy mazkur romani orqali ajdodlarning ma’rifat va hurlik yo‘lidagi jasoratini abadiylashtirish barobarida kitobxonni va, ehtimol, butun boshli millatni o‘tmishdagi xatolarga ochiq ko‘z bilan nazar tashlash va ulardan saboq olishga chaqiradi.

Muqaddamxon Saidrasulova — O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, “Gazeta.uz” kolumnisti.