20 oktabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga tegishli davlat raqami 01 978 LGA bo‘lgan Lacetti avtomashinasi yo‘l qoidasini qo‘pol buzgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Mashina haydovchisi yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etgan va bu ijtimoiy tarmoqda tarqalgan.

Boshqarma xodimlari holat yuzasidan surishtiruv olib borganda, huquqbuzarlikni haydovchi B.K. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−5-moddasining 2-bandi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Bu BHMning o‘n baravari miqdorida — 3 mln so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi. Haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.