Bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Marg‘ilonga «Jahon hunarmandlar shahri» maqomi berilishini ma’lum qildi. U bunga 20−22 oktabr kunlari Marg‘ilon shahrida «Atlas bayrami» V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Festival doirasida Marg‘ilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi beriladi. Bu esa Marg‘ilonning World Crafts Council — Jahon hunarmandchilik kengashi tarmog‘iga kiritilishini ta’minlaydi.

«Mazkur maqom Marg‘ilonning o‘zbek hunarmandchiligini asrab-avaylashdagi muhim rolini yanada oshiradi», — dedi Aziz Abduhakimov.

Bugungi kunda dunyoning to‘rt qit’asidan 57 ta shahar bunday e’tirofga sazovor bo‘lgan. Marg‘ilon «Hunarmand shaharlar» ro‘yxatiga O‘zbekistondan qo‘shilgan uchinchi shahar bo‘ldi.