Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, Baxrom Sharipov Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi bo‘ldi. U 1974 yilda Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1996 yili Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (kunduzgi shakl), 2004 yil Termiz davlat universiteti (sirtqi)ni tamomlagan.

Foto: «O‘zbekipaksanoat»

Baxrom Sharipov Termiz shahar va Surxondaryo viloyati «Kamolot» jamg‘armasida turli lavozimlarda, shuningdek, viloyati hokimi yordamchisi, Surxondaryo sanoat, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish kombinati kotibiyat mudiri — Surxondaryo viloyati «Avtotexizmat» AJ raisi hamda bir qator xususiy kompaniyalar bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar u «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

Bundan tashqari, Erkin Xayitov qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga, Miryashin Sagatov esa rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu bilan birga, Sherzod Asadov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.