18 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari o‘ttiz yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati va hukumat organlari, rahbarlar, OAV vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasi 4-bandiga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kenges raisining o‘rinbosari lavozimiga 18-son «Janbaskala» saylov okrugidan deputat Saparbayev Rustam Tursinbayevich nomzodi taklif etildi.

Bunga qadar Rustam Saparbayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Rustam Saparbayev 2004 yilda Qoraqalpoq davlat universiteti va 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha u huquqshunos, siyosatshunos. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining yangi raisi etib Amanbay Orinbayev saylangandi. U avvalroq IIV rahbari va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Prezident u o‘z lavozimida Qoraqalpog‘iston xalqiga sidqidildan xizmat qilishi va bildirilgan ishonchni oqlashi lozimligini ta’kidladi