Kolorpak MCHJ bevosita yoki bilvosita qog‘oz va boshqa xomashyo, qolaversa uskunalarni O‘zbekistonga olib kirishda hech qanday imtiyozga ega emas. Bu haqda 18 oktabr kuni kompaniya direktori Muzaffar Mirzahmedov «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonovning savoliga javob bera turib ma’lum qildi.

«Kompaniya tashqaridan import qilib olib kirayotgan xomashyo mahsulotlarining hammasi uchun bojxona boji va QQSni o‘z vaqtida to‘laydi, hech qanday imtiyozga ega emas», — dedi MCHJ direktori Muzaffar Mirzaxmedov.

Muzaffar Mirzaxmedov (chapda). Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Uning ta’kidlashicha, Kolorpak qog‘ozlarni bir qancha davlatlardan olib keladi.

«Qog‘oz ishlab chiqarish uchun birinchi o‘rinda sellyuloza kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda sellyuloza ishlab chiqarish kam bo‘lganligi sababli mamlakatda qog‘oz ishlab chiqarish ham oz miqdorda yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda bizning talablarimizga javob beradigan qog‘ozlar yo‘qligi bois asosan, Xitoy, Rossiya va Yevropa davlatlari: Finlyandiyadan xarid qilyapmiz», — dedi u.

Pandemiya, undan so‘ng Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi vaziyat tufayli qog‘ozlar inqirozi boshlangan.

«Koronavirus ko‘p narsalarga ta’sir ko‘rsatdi, ayrim sohalar to‘xtab qoldi. Karantin davrida qog‘oz tanqisligi kuzatildi. Ungacha Finlyandiya bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsak, pandemiyadan keyin Rossiya va Xitoydan ham olib kelishga majbur bo‘ldik. Qog‘oz tanqisligi pandemiyada boshlangan bo‘lsa, bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi geosiyosiy vaziyatga ulanib ketdi. Mazkur voqea ortidan logistika tarmog‘i bloklandi. Shundan keyin Rossiyaga nisbatan bir qancha sanksiyalar paketi qo‘llanildi. Sanksiyalardan keyin shuni bildikki, Finlyandiya va boshqa Yevropa davlatlari qog‘oz ishlab chiqarish uchun sellyulozani asosan, Rossiyadan xarid qilarkan. Rossiya Federatsiyasi esa qozog‘larni oqartiruvchi kimyoviy moddalarni Yevropadan sotib olarkan. Sanksiyalar hisobiga qog‘ozlar narxi yanada qimmatladi. Qog‘ozlarning narxi 2020 yildan keyin 60−70 foizga ortdi», — dedi kompaniya vakili.


Muzaffar Mirzaxmedovning aytishicha, kompaniya imkon qadar jahon standartlariga mos va sifati bir-biriga yaqin bo‘lgan qog‘ozlarni import qilmoqda.

«Qog‘oz turi juda ham ko‘p va uning narxi o‘ziga, turiga hamda sifatiga qarab oshaveradi. Bir kilo qog‘ozni qanchadan sotib olishimizni aniq ayta olmayman. Chunki hammaning tijorat siri bo‘ladi, ertaga yana tenderlarda ishtirok etishimiz bor. Ammo taxminan aytishim mumkinki, bizga kirib keladigan qog‘ozning eng arzon narxi 18 ming so‘mdan boshlanib, bu 30−35 ming so‘mgachani tashkil qiladi. Bosmaxonada qog‘ozdan tashqari 70 xildan ziyod xomashyo ishlatiladi. Mahsulotning tannarxi faqat qog‘oz narxi bilan belgilanmaydi», — dedi Kolorpak direktori.


Kompaniya huquqshunosi Ulug‘bek Yo‘ldoshevning fikricha, Kolorpak monopol tashkilot emas.

«Monopol bu — boshqalar uchun imkoniyatlarni cheklash degani. Biz O‘zbekiston hududidagi poligrafiya sohasiga ixtisoslashgan korxonalarning birortasini ishlab chiqarishini cheklagan joyimiz yo‘q. Bozor iqtisodiyoti shakllangan davlatda yashaymiz. Mahsulotlar qayerda arzon va sifatli ishlab chiqarilsa, o‘sha yerga talab kuchli bo‘ladi. Topayotgan daromadimiz qancha bo‘lsa, hammasini qo‘shimcha obektlarni olib, yangi ish o‘rinlari yaratishga sarflayapmiz. Aholi uchun ish o‘rinlari ochib, odamlar daromad qilsin va oilasini boqsin, degan maqsadda ishlab chiqarish xajmini kengaytiryapmiz, zamonaviylashtiryapmiz», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya topayotgan daromadlar chetga olib chiqib ketilayotgani yo‘q.