Qo‘qonda hujjatlarda «reeksport» sifatida rasmiylashtirilgan tovarlar olib ketayotgani qayd etilgan yuk mashinasi tekshirilganda yukxona bo‘sh ekani aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi.

2021 yil sentabr oyida Qo‘qon shahridagi 3 ta MCHJ nomiga xorijdan 23 tonna 540 kg og‘irlikdagi 3 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari olib kelingan.

Tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyalari «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim qilingan bo‘lib, tovarlar «Bojxona ombori» bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi hamda vaqtincha saqlash uchun «Qo‘qonsavdo» MCHJga qarashli bojxona omboriga topshiriladi.

2022 yil 13 oktabr kuni yuk egalari yuqoridagi tovarlarni «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirib, Tojikistonga olib chiqib ketish uchun bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim etishadi va shu kunning o‘zida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postida rasmiylashtiruv yakuniga yetkaziladi.


Hujjatlarga binoan ushbu tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositasi 2022 yil 15 oktabr kuni Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Andarxon» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotganida Davlat bojxona qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining viloyatdagi tezkor xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Chunki ushbu tovarlar bilan bog‘liq vaziyat Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati tomonidan oldindan tezkor kuzatuvga olingan bo‘lgan va aynan qo‘mita rahbariyatining topshirig‘iga muvofiq tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida yuk avtotransport vositasi haydovchi va xolislar ishtirokida qayta bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yukxonada hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlar umuman yo‘qligi fosh bo‘ldi.

Hozirda «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, amalda chegara bojxona posti orqali olib chiqib ketilmagan umumiy qiymati 2 mlrd 188 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olinib, belgilangan tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda bojxona xodimlarining mazkur holatga aloqadorligini aniqlash va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.