O‘zgidromet markazi hafta davomida — 17−21 oktabr kunlarida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Dushanba kuni respublika hududiga Volga bo‘yidan Rossiya Yevropa qismining (Moskva viloyati) markaziy hududlari ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kun davomida, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa kechga tomon ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.

Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shimolda va cho‘l hududlarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Kunduz kuni havo harorati …+20…+25 darajadan oshmaydi.

Seshanba kuni Turkmanistondan bulutlarning keyingi qismi kirib kelishida janubiy markaziy va sharqiy tumanlarda yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi …+5…+10 darajagacha pasayadi, kunduzi …+15…+20° bo‘ladi.

Chorshanba kuni respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarning ba’zi joylarida kuchli bo‘ladi, baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi …+5…+8 darajagacha iliq, shimolda ba’zi joylarda …+0…+2 darajagacha sovuq, kunduzi …+13…18 darajagacha pasayadi.

Payshanba va juma kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Kechalari havo harorati minimal darajaga yetadi va …+3…+5 daraja iliq atrofida bo‘ladi, quyosh nurlari isitishi natijasida kunduz kunlari …+17…+22 darajagacha ko‘tariladi.