Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida haydovchining mashinasida bo‘lgan 14 mln so‘mni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lib, uni o‘ldirib ketganlar ushlandi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 13 oktabr kuni soat 23:00 larda fuqarolar — A.N. (1991 yilda tug‘ilgan, sudlangan, ishsiz), D.Sh. (2003 yilda tug‘ilgan, sudlangan, ishsiz) va D.X. (2003 yilda tug‘ilgan, 11-sinf) Sirdaryo — Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro 1996 yilda tug‘ilgan A.E.ni ularni Bo‘stonliq tumani hududiga olib borib kelishga ko‘ndirgan.

Yo‘lovchilar uning boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasiga o‘tirib, mashinada pochta sifatida olingan 14 mln so‘m pul mablag‘i borligini bilib qolgan. Shundan so‘ng, haydovchi A.E.ni aldov yo‘li bilan Quyi Chirchiq tumani «Tolovul» mahallasi hududiga olib borib, pul mablag‘larini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Uni bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan.

14 oktabr kuni viloyat prokuraturasi tomonidan A.N. va boshqalarga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «i,p» bandlari va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlandi.