Hukumatning [598-sonli] qarori bilan Davlat organlari va tashkilotlarining qorovullik xizmatlari huquqbuzarliklar haqida xabar berganlik uchun mukofotlanishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

14 oktabr kuni «Davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik bo‘linmalarining huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarini xabardor qilish hamda o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Endilikda davlat organlari va tashkilotlarida jinoyatlar, huquqbuzarliklar, gumondorlar, qidiruvdagi shaxslar, avariyalar, yong‘in, halokat va boshqa nojo‘ya hodisalar aniqlanganda qorovullik bo‘linmalari darhol IIB organlariga xabar berishi kerak.

Shuningdek, ular IIB va Milliy gvardiya xodimlari kelgunicha huquqbuzarlik va hodisa izlari saqlanishini ta’minlaydi hamda yetib kelishgach, hodisa to‘g‘risida axborot beradi. IIB va Milliy gvardiya bo‘linmalariga hodisa haqida telefon orqali xabar berilishi mumkin.

Telefon bo‘lmaganida yoki ishlamaganida aloqaning boshqa turlari, xususan xushtakdan quyidagi signallardan foydalaniladi:

  • «Ushla» — bitta uzun signal;
  • «Yordamga» — ikkita qisqa signal.

Qolaversa, qorovullik bo‘linmalari xodimlariga tabiiy va texnogen favqulodda holatlarni bartaraf etish va odamlarni qutqarish vazifasi ham yuklatilmoqda.

Agar ular bergan xabar orqali jinoyat, huquqbuzarliklar sodir etgan qidiruvdagi shaxslar aniqlansa, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi holat bartaraf etilganda qorovullik bo‘linmalari xodimlari 1 martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanishi mumkin.