Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining haftalik ish rejasini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda bloger Aziza Qurbonova.

Xususan, 17 oktabr kuni mahallalarning infratuzilmasi rivojiga ajratilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish mexanizmlari hamda alohida topshiriqlar ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlar, shu jumladan, Bosh prokuror davlat rahbariga hisobot beradi.

Shuningdek, ish haftasi davomida ma’muriy islohotlarni amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligi strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga oid muhokamalar rejalashtirilgan.

Prezident 20−21 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Tashrif davomida ikki mamlakat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi, ularning yakunida salmoqli, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid hujjatlar to‘plami imzolanadi.

Bundan tashqari, prezidentlar Ashxobod shahrida barpo etilgan “Toshkent” bog‘ining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi. O‘zbekiston — Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish ishlariga start beradi.