«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1991 yil oktabrdagi sonida e’lon qilingan maqolada Irisali Toshaliyev bugungi kunda o‘ta dolzarb bo‘lgan quyidagi gaplarni aytgandi:

E’tibor berishlarini kutish befoyda — hayqirish kerak!

Ochig‘i, ona tiliga munosabat xususida vazminlik mezonidan bir parda balandroq ruhda so‘z yuritish zarurga o‘xshaydi hozirgi vaziyatda. Ona tiling bilan faxrlanish hissi, iftixorlik tuyg‘usidan baralla so‘zlash lozim; uni e’zozlashdan, ardoqlashdan charchamaslik zarur. Bor ovoz bilan «ona tilim — dono tilim», deb hayqirish darkor. «Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz»larning e’tiborini tortish uchun, loqaydlarni karaxtlik uyqusidan uyg‘otish uchun shunday qilish kerak. Illo, beparvolik bilan bepisandlikning orasi bir qadam, xolos.

Davlat tili haqidagi Qonun ijrosi yo‘lidagi to‘siqlar ham loqaydlik, bepisandlik tufayli emasmi!

Baynalmilallashtirish, yaqinlashtirish orqali yagona va umumiy sotsialistik millat tilini yaratishday lisoniy mafkura milliy tillarning imtiyozini cheklab, imkoniyatini sustlashtirib, mavqeyini pastga tushirdi, ularning tabiiy taraqqiyotiga xalal berdi. Oqibatda azim daraxt yanglig‘ buyuk tilimizning yashil barglari (lug‘at boyligi), shox-butoqlari (amaliy uslublari) o‘z go‘zalligi va jozibasini yo‘qotib, so‘lg‘in bir holga keldi.


«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi 1991 yil 18 oktabr.

Ilmiy-ma’rifiy adabiyotlarda ham, adabiy-tanqidiy manbalarda ham aksariyat tilning muhim aloqa vositasi ekanligini qayd etish bilan cheklanilgan. Ilmiy haqiqatga zid emas bu ta’rif, ammo rangsiz, his-tuyg‘udan mahrum. Chunki vosita, qurol singari loqayd kalimalar yordamidagina tilimizning ruhini, jozibali mohiyatini ko‘ngildagidek ochib berish qiyin. Tilimizga yopirilib, bostirib kirayotgan so‘zlarni hisob-kitob qilib, ularning yildan-yilga foizma-foiz ortib borayotganligidan g‘ururlanadigan bo‘lib qoldik. «Eski» lug‘at qaznog‘iga badarg‘a bo‘layotgan o‘z so‘zlarimiz haqida qayg‘urmadik. Ona tili tavsifi rangsiz ilmiy atamalar tizmasiyu qatlam-qatlam qoidalar tuzugiga, foydasiz matematik hisob-kitoblar majmuiga o‘xshatib qo‘yildi. Nutq madaniyati esa yagona va umumiy deb sifatlangan majburiy norma quyushqoniga solindi. Xullas, ona tilini baayni qassoblardek qism-qismlarga, bo‘lak-bo‘laklarga ajratib, qatlam-qatlam qilib taxlashga va ularni alohida-alohida o‘rganishga ruju qo‘ydik. Ha, tilimizni vosita, qurol dedigu uning ishlashi, imkoniyati, imtiyoziga panja orasidan qaradik.

Adabiyot ilmi ham siyosatga qorishib ketdi. Adabiyotshunoslik asar mazmunini badiiy libosidan yalang‘ochlab qayta sharhlash va baholash ilmiga, tanqidchilik qahramonlarning ijobiyu salbiyligini, tiplariyu turlarini aniqlaydigan tergov mahkamasiga aylanishiga oz qoldi. Badiiy so‘zning jozibasiga e’tibor bermay qo‘yildi. Adabiyot muallimidan Mulla nima uchun Ko‘kanga tariq ek, deb maslahat beradi, nega bug‘doy yoki arpa ek demaydi, deb so‘rab ko‘ring-chi. Ishonchim komilki, bunga ularning ko‘pchiligi asosli javob berolmaydi. G‘afur G‘ulomning «Ko‘kan» poemasi haqida gap ketganda men bu savolni ko‘plarga berganman, hatto ayrim adabiyotshunos olimlarga ham.

Ko‘kanning tariq ekishi boisi Qur’on so‘zlarini bilmay «vassamoi vattoriqi» kalimasini tariq so‘zi bilan qorishtirgan omi domlaning cho‘pchagi. Buni: «Vas samoi vattoriqi» Qur’onda bor… Bolam Ko‘kan, xudo tariq eksin degan", gapdan o‘qib olish qiyin emas, agar so‘zga, so‘z anglatgan tasavvurlar olamiga befarq bo‘linmasa. So‘z ma’nosini bilmay donolikni da’vo qiluvchilarga nisbatan achchiq kinoya bor bu misralarda. Bu kinoya ona tiliga, so‘zga bepisand kishilarning barchasiga ham taalluqli.

Byurokratik mahkamalar ham o‘zining mafkuralashtirilgan lug‘ati tizmasini, siyrati qaltiroq ifodalar dastasini ijod qildi.

So‘zlar ma’nosi o‘z moddiy zaminidan uzilib qoldi: o‘g‘rilik, qotillik kabi jinoyatlarni salbiy hodisalar, qamoqxonalarni axloq tuzatish joylari deb ishlatadigan bo‘lib qoldik. Axir burch, huquq, haqiqat, tenglik, birodarlik, erkinlik, mustaqillik, oshkoralik singari kalimalarni ilgarilari — turg‘unlik yillari ishlatmasmidik. Ishlatardik, lekin ma’nosi, mohiyati boshqacharoq edi hozirgidan. Ularning ma’nosi mafkura maqsadiga muvofiqlashtirilgan edi. So‘z ma’nolaridan foydalanishda ham qo‘shib yozish urf bo‘lgandi. Bir xil fikrlash bir xil ifoda yo‘sinini, jo‘rovoz uslubni qaror toptirdi. Bir xil mafkuraviy-ma’naviy zo‘rlik so‘zlarni ham inqirozga olib keldi. Shu bois D. Qo‘g‘ultinov aytganidek, endilikda «Kommunizm» so‘zini ishlatishdan uyaladigan bo‘lib qoldik. Sotsializm kalimasini yetmish yildan beri to‘tidek takrorlab, bugun uning mohiyatini aniqlay olmay bahslashib turibmiz.

Bu pardali til «yuqori»da o‘zgacha, «past»da esa boshqacha mazmun kasb etdi. Siyosiy-ijtimoiy lug‘at fuqarolar doirasida kinoyali rang oldi, ommaviy axborot, matbuot tili ham shunga moslashdi. Noo‘rin maqtovu, madhiya, o‘ta pardoz berilgan qiyoslar, o‘smasi quyuq tortilgan chuchmal tashbehlar lavha yoki ocherk qahramonlarini xijolatga soladigan bo‘lib qolgandi. Tilu adabiyotni, san’atu madaniyatni mafkuralashtirish bu yo‘ldagi barcha urinishlarni rag‘batlantirib keldi.

Shukurlar bo‘lsinkim, o‘zbek tili davlat tili maqomiga erishdi. Qonun ijrosining izchil va tadrijiy tusda borishi o‘zimizning o‘z tilimizga, uning martabasiga muvofiq ish tutishimizga bog‘liq. Bu eng avvalo, o‘zbek tilini o‘z tilim deb bilgan barcha kishilardan davlat tili maqomi mohiyatini chuqur tushunib olishdan hamda uni shu maqom-mavqeyida ishlatishga erishishdan iborat. Ona tilining haqiqiy mavqeyi, madaniy nutq amaliyoti, demak, ularning imkoniyati va istiqboli ham odamlarning mehru, muhabbatidan quvvat olib, shu tuyg‘ular bag‘rida kamol topadi.

Bilingan, fahmlangan narsa tilda (nutqda), tildagisi esa bilimda zohir bo‘ladi. Boshqacha aytganda, biz o‘ylaganda, gapirgandagina til ishlaydi, uni ishlatish malakasi ham orta boradi. Alisher Navoiy: «Til buncha sharaf bila nutqning olotidur va ham nutqdirki, agar nopisand zohir bo‘lsa, tilning ofatidur», deb uqtirganlar. Demak, bu sharafli olotni (qurol, asbob) bepisand, befarq ishga solib, til uchun ofat yetkazish uning maqomini oshirmaydi. Shaxmat o‘ynamagan shatranjni bilmaydi. Shatranjchining mahorati o‘yindan o‘yinga orta borganday biz ham tildan qancha ko‘p foydalansak, uni ishlatishga shuncha mohir bo‘lamiz, uning qoidalarini ko‘proq bila boramiz.

O‘zbek tilining harakat maydonini toraytirishga, ayrim sohalar boshqaruvini o‘zbeklardan «muhofaza» qilishga, buni o‘zbeklarning uquvsizligi bahonasi bilan asoslashga urinayotgan ma’lum kuchlarning ham hissasi bor. «Xalq so‘zi» ro‘znomasida (1991 yil, 29 yanvar) keltirilgan quyidagi fakt shundan dalolat beradi. «O‘gay munosabat» nomli maqola muallifi Ibrohim Normatning iztirob va alam bilan qayd etishicha, Markazga bo‘ysunuvchi «Navoiyazot», «Xlopkomash» kabi mashhur birlashmalar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati singari ma’lum korxonalar mahkamalarida o‘tirgan idora xodimlar orasida o‘zbekcha gaplashadigan odamni topolmaysiz.

Ona tiliga ehtiyoj sezmagan ijtimoiy sharoit tirik tilni o‘ldirishi mumkin. Jurnalist Mahmud Mardi «Hokimiyat kimning qo‘lida» («Xalq so‘zi», 1991 yil, 3 yanvar) maqolasida shularni yozadi: «Ha, Zarafshonda o‘ttiz yildan beri yashayotgan, shavkatli mehnati evaziga qo‘sha-qo‘sha nishonlar olgan, o‘zbek tilini mutlaqo bilmaydigan kishilardan xafa bo‘lmasligimiz mumkin. Ammo shu maskandagi o‘zbeklar ona tillarini chala-chulpa bilishlarini qanday baholaysiz? Endi ularning o‘zlari farzandlarining o‘zbek guruhidagi bolalar bog‘chalariga, maktablariga qatnashishlariga monelik qilishmoqda. Zarafshonda o‘zbek tilining kelajagi yo‘q emish».

Respublika prokurori Bo‘ritosh Mustafoyev «Sovet O‘zbekistoni» ro‘znomasi muxbiri bilan qilgan «Ishonch va adolatni tiklaylik» (1991 yil, 19 yanvar) sarlavhali suhbatda ayrim organlarning til haqidagi Qonun talablarini amalda bajarmayotganliklariga, tug‘ilish, nikoh, hujjatlarini to‘ldirishga loqayd munosabatda bo‘layotganliklariga oid faktlarini tilga olgan. Jumhuriyat prokurori: «Tan olish kerakki, jumhuriyat prokuraturasi apparati bu borada (ya’ni qonun ijrosida) namuna bo‘lolgan emas, …hozircha yig‘ilishlar, ish yuritish ham rus tilida olib borilmoqda», deb e’tirof etadi. Bu ham o‘zbek tilining faol ishlashi uchun hali ham ko‘ngildagiday sharoit yaratilmaganligidan bir dalolat.

Rasmiy-idoraviy ish yuritishda, hujjatnavislikda, fan-texnika sohasida o‘zbek tili mavqeyining oshishi rasmiy va ilmiy nutq uslublari taraqqiyotini, shubhasiz, yangi bosqichga olib chiqadi. Bu boradagi izlanishlarsiz uslub degan sozni sozlash qiyin. Xulosa aniq: xato qilishdan qo‘rqmay ona tilini faol nutqiy vaziyatda charxlash lozim. Til istiqbolining asosiy shartlaridan biri ham, sizu bizning ona tilimiz oldidagi qarzdorligimizning boisi ham mana shunda.

Irisali Toshaliyev

Ushbu maqola «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1991 yil 18 oktabr sonidan olindi.