Uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning bo‘lmagani va havo haroratining inversiyasi natijasida 17 oktabr kuni 18:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahri atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchayishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet markazi.

Shu munosabat bilan markaz shahar aholisi va mehmonlariga imkoni boricha uydan chiqmaslikka harakat qilish kerakligini, ko‘chada bo‘lganda, albatta tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish lozimligini bildirdi.

Shuningdek, nafas qaytishi, burun bitishi, aksa urish, tumov, ko‘zlar qizarishi va qichishishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish lozimligini qayd etdi.

Jadval: O‘zgidromet

“Tuzli eritmada burun va tomoqni chayish, oynalarni yopiq holatda saqlash, oynalarning oldida xo‘l sochiqlarni yoyib qo‘yish tavsiya etiladi”, — deyiladi xabarda.