1 dekabrdan boshlab Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorlari subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan chiqarib tashlanadi. Hukumatning 14 oktabrdagi
aholiga ipoteka krediti va uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorida [601-sonli] bu haqda so‘z boradi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, subsidiya olish uchun arizani aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligi bo‘limlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi ham bekor qilinadi.

Bunda mazkur tashkilotlarning ma’lumotlari subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Shuningdek, Moliya vazirligi joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan ipoteka krediti ajratishda qarz oluvchilarga qarz yukining eng yuqori chegarasi hamda subsidiya olish uchun bir kalendar yilda ikki marta ariza berish bo‘yicha belgilangan cheklovlar olib tashlandi.

Subsidiya ajratish maqsadida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim shaxslar toifasiga kiritiladi:

  • yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
  • olis va chekka hududlardagi budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.

1 noyabrga qadar «Labor — migration» dasturi va Kadastr agentligining Milliy geografik axborot tizimi portali subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minotiga integratsiya qilinadi.

Noyabr oyigacha 2020−2022 yillar dasturi doirasida subsidiya ajratish to‘g‘risida xabarnoma olgan fuqarolarga ipoteka krediti foizlarining bir qismini qoplash bo‘yicha to‘lanmay qolgan subsidiyalarni to‘liq to‘lash choralari ko‘riladi.

2021 yil dasturi doirasida subsidiya ajratish to‘g‘risida xabarnoma olgan Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turadigan fuqarolarga Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqi beriladi.