13 oktabr kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 16 nafar fermer hokimiyat binosiga chaqirilib, o‘z yerlaridan «ixtiyoriy» voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilganligi aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlarining arizalari bevosita tuman hokimligi binosida notarius tomonidan notarial tasdiqlagan.

Bundan tashqari, fermerlarning arizalari bilan bog‘liq notarial harakat, jumladan davlat boji va boshqa to‘lovlar qilinayotganda Uchko‘prik tumani hokimligi xodimi Sh. M. ham ishtirok etgan.

Vaholanki prezident farmoniga asosan 2022 yil 1 sentabrdan yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risidagi ariza faqat notarial tartibda tasdiqlanishi qat’iy belgilangan. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori bilan bekor qilinishi mumkin emas.

Mazkur tartib fermerlarni majburan yerini topshirtirish, bo‘sh oq qog‘ozga imzo chekdirish yoki fermer nomidan boshqa shaxs imzo qo‘yishi kabi yillar davomida uchrab kelgan amaliyotlarga chek qo‘yish, shuningdek, istalgan paytda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining yerga bo‘lgan huquqlarini har xil yo‘llar bilan bekor qilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy etilgan, deya tushuntirish bermoqda vazirlik.

Ya’ni ixtiyoriylik shaxsning haqiqatan asl xohish-irodasining ifodasi ekanligini tasdiqlash murakkab huquqiy jarayon ekanligini inobatga olib, bu muhim vazifa notariuslarga yuklatilgan. Uchko‘prikda kuzatilgan amaliyot yuqoridagi farmon maqsadiga, mazmun-mohiyatiga, unda belgilangan tartib va prinsiplarga zid, deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’muriy binoga chaqirtirilib, hokimlik xodimlari ishtirokida ushbu notarial harakatlarning amalga oshirilishi fermerlarning asl xohish-irodasini ifoda etishiga xalaqit qiluvchi katta to‘siq sifatida qaralishi kerakligini aytdi.

Qolaversa, 16 ta fermerning bir vaqtda birvarakayiga yerni topshirish qaroriga kelganligi va bir vaqtda ariza yozish maqsadida notariusga murojaat qilish holati tasodif bo‘lishi mumkin emas.

Adliya vazirligi mazkur 16 nafar fermer xo‘jaligi rahbarlarining arizalarini bekor qilish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu arizalar asosida yerlarni tuman hokimligi zaxirasiga olib qo‘yish amalga oshirilmasligi nazoratga olindi.

Hokimlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berish yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qilindi.

Adliya vazirligi huquqiy munosabatlar barqarorligi, yerga bo‘lgan huquqlarning ta’minlanishi qishloq xo‘jaligi rivojlanishi uchun eng muhim shartlaridan biri ekanligini ta’kidlaydi. Yuqoridagi Farmon mazmun-mohiyatidan kelib chiqib zid faoliyat yuritganlik uchun javobgarlik mavjud, deyiladi xabarda.