Chet el valyuta qimmatliklarini noqonuniy ravishda davlat chegarasidan o‘tkazilishiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, «Namangan-Nanay» yo‘nalishi bo‘ylab Yangiqo‘rg‘on tumani hududida harakatlanayotgan, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 200 ming AQSh dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan qirg‘izistonlik notanish shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu juda ko‘p miqdordagi xorijiy valyutani noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga o‘tkazmoqchi bo‘lgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.