Prezident 12 oktabr kuni yangi taxrirdagi “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida"gi [O‘RQ-793-sonli] qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Hujjat bilan elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Qonunda elektron raqamli imzoning (ERI) va qo‘lda shaxsan qo‘yilgan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ERIdan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. ERI kalitlarini ro‘yxatga olish markazi hamda shaxslar o‘rtasidagi ERIdan foydalanish sohasidagi munosabatlar shartnoma asosida bajariladi.

ERI kaliti yoki uning sertifikati bir ish kunida ro‘yxatga olinadi. Kalitga ega bo‘lgan shaxslar ERI mavjud bo‘lishi talab qilinadigan davlat xizmatlarining barcha turlaridan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega bo‘lishi mumkin. Har bir kalitning sertifikati alohida ro‘yxatga olinadi. ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran 24 oydan oshmasligi kerak. Uni ikki martadan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirish mumkin.

O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari, shuningdek chet el jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ERIni konsullik muassasalari, shuningdek diplomatik vakolatxonalarning konsullik bo‘limlari orqali olishi mumkin.

Yangi taxrirdagi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.