Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari og‘ir jinoyatlar sodir etgan xalqaro qidiruvdagi ikki nafar gumonlanuvchini ekstraditsiya qilish tartibini amalga oshirdi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston, Ukraina, Polsha va Turkiya Milliy markaziy byurolari xodimlarining hamkorlikdagi harakatlari hamda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakillarining yordami bilan og‘ir jinoyatlar sodir etgan ikki nafar gumonlanuvchi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Qidiruvdagilardan biri giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblangan bo‘lib, uzoq vaqt davomida chet elda yashirinib kelgan va tezkor tadbirlar natijasida ukrainalik xodimlar tomonidan hibsga olingan.


Yana biri esa O‘zbekistonda internetda yaratilgan moliyaviy piramidaga 2 mln dollar miqdorida sarmoya kiritgan ikki mingdan ortiq fuqaroni aldagan. U ham xorijiy davlat hududida hibsga olingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma tasdiqlangandan so‘ng, Interpol MMB xodimlari hamrohligida gumonlanuvchilar O‘zbekistonga olib kelindi.