Xalqaro qizlar kunining 10 yilligi munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNIСEF) hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali qizlarning yetakchilik rollarini va imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiyalarni ko‘paytirishga chaqirdi. Bu haqda jamg‘armaning O‘zbekistonadagi vakolatxonasi bayonotida aytib o‘tilgan.

O‘zbekistonda va butun Markaziy Osiyoda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan salbiy me’yorlar va gender stereotiplari tufayli qizlar STEM va axborot texnologiyalari (IT) sohalarida o‘qishda kam ishtirok etyapti yoki umuman bundan chetda qolyapti.

STEM yoki STEAM (science, technology, engineering, art, math) ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik, san’at va matematika kabi yo‘nalishlarni kompleks tarzda o‘qitish tizimi.

“STEM sohasida gender tafovutini kamaytirish va qizlarning yetakchiligi va imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritish juda muhim. Raqamli texnologiyalar bilan qamrab olishdagi tafovutni qisqartirish qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Ular raqamli iqtisodiyotda ishtirok etish, moliyaviy savodxonligi va o‘zini-o‘zini ta’minlashni yaxshilash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganadi va bu kelajakda inson kapitalini oshiradi hamda O‘zbekistonning o‘sishi va rivojlanishiga hissa qo‘shadi”, — dedi UNIСEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

O‘zbekistonda bandlik, ta’lim yoki professional o‘qitish bilan qamrab olinmagan (NEET) insonlar orasida qizlar va yosh ayollar ko‘pchilikni tashkil etib, bu ularni ijtimoiy chetlanishga ko‘proq moyil etadi. Majburiy o‘rta ta’limni tugatgandan so‘ng, 19−24 yoshdagi yoshlarning 56 foizi NEET hisoblanadi (69% ayollar va 33,4% erkaklar). Yosh ayollar uchun NEET darajasi ular 18 yoshga to‘lgandan keyin va majburiy o‘rta ta’limni tamomlaganlaridan keyin (1,7% dan 69% gacha) tez o‘sadi.

Bundan tashqari, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida kompyuter savodxonligi, internetga kirish va undan foydalanish bo‘yicha sezilarli farqlar saqlanib qolyapti. Kompyuterga ega bo‘lmagan ayollar ulushi 43,5% ni, erkaklarda esa 30,0% ni tashkil etadi. Internetdan hech qachon foydalanmaydigan 14−30 yoshdagi qizlar va yosh ayollar ulushi 68% ni tashkil etadi.

Yoshlar o‘rtasida internetdan foydalanmaslikning asosiy sabablari aloqaning yomonligi, o‘z aloqa vositalariga ega bo‘lmasligi, internet narxining yuqoriligidir. Qizlar va yosh ayollar uchun ijtimoiy stigma tufayli internetga kirish ham qiyin. STEM sohalarida yosh ayollarning kam ekanligi ularning ishga joylashish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlar ta’lim olmaslik xavfi ostidadir va raqamli platformalardan xavfsiz ravishda foydalanish uchun minimal raqamli savodxonlikka ega emas, kelajakda ta’lim olish va ishga joylashish imkoniyatlaridan cheklanganlar. Nogironligi bo‘lgan yoshlar orasida NEET darajasi 77% ni, o‘ta og‘ir nogironlar orasida esa 91 ga etadi.

O‘zbekistonda UNIСEF IT Park bilan birgalikda Qarshi, Termiz, Nukus va Toshkentdagi axborot-kommunikatsiya markazlarida STEM sohasida yetakchilikni oshirish va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bepul kompleks raqamli savodxonlik va grafik dizayn o‘quv dasturini amalga oshiryapti.

Ishtirokchilar orasida ko‘rish, eshitish va jismoniy holatlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan qizlar ham bor. Qizlar va yosh ayollarga muhim texnologiya ko‘nikmalarini o‘rgatish bilan bir qatorda, dastur qizlarga gender tengligi va inklyuziya tushunchalari hamda salbiy gender stereotiplari qizlarning hayotdagi tanlovlarida qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ma’lumot beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, STEM sohasidagi taniqli ayollar qizlarning ushbu sohalarda ta’lim olish va kasbga ega bo‘lish bilan bog‘liq qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois dastur doirasida qizlarga ana shunday shaxslar bilan bog‘lanish imkoniyati ham berildi.

UNIСEF O‘zbekistonda va undan tashqarida qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun quyidagi asosiy elementlarni aniqladi:

  • o‘smir qizlarning yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning ovozini tinglash, so‘rovlariga javob berish va qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkonini berish;
  • o‘smir qizlar uchun resurslar va investitsiyalarni, jumladan sifatli va inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlovchi va ularning farovonligini birinchi o‘ringa qo‘yadigan tarmoqlar va tashkilotlarni ko‘paytirish;
  • har doim o‘smir qizlarga mo‘ljallangan inklyuziv xizmatlarga ega bo‘lish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, lekin ayniqsa inqirozga qarshi kurashish va tiklanish sharoitlarida bu tadbirlarni takomillashtirish.

Eslatib o‘tamiz, tashkilot bir necha bor qizlar va ayollar uchun teng huquqli kelajakni shakllantirish uchun ularning ta’lim olish, axborotlardan foydalanish, salohiyatlarini oshirish, ish bilan ta’minlash sohalariga sarmoya kiritishga chaqirgan.