11 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Kursk viloyatida tahsil oluvchi bir guruh o‘zbekistonlik talabalar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi, video tarmoqlarda tarqaldi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Kursk viloyati Ukrainaning Sumi shahri bilan chegaradosh hisoblanganligi bois, «maxsus operatsiya»ning ta’siri talabalar o‘qiyotgan hududga ham sezilmoqda.

«Tyotkino [aholiya yashash punktiga] kunda va kun ora snaryadlar kelib tushmoqda. Undan yomoni, bizdan 30 km uzoqda joylashgan Kursk atom stansiyasiga shu paytgacha 3 marta terakt sodir etildi. Qo‘shni Belgorodda axolining asosiy qismi evakuatsiya qilinib, o‘qishlar onlayn tarzga o‘tkazildi», — deydi talabalardan biri.

Shuningdek, joriy yilning mart oyida, hali vaziyat barqaror bo‘lgan paytda Qozog‘iston talabalarining o‘qishlarini o‘z davlatiga ko‘chirib olib ketganini ham aytib o‘tdi.

«Hurmatli Shavkat Mirziyoyev, bizni o‘qishimizni O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlariga ko‘chirishingizni iltimos qilamiz», — deyiladi murojaat so‘nggida.

Holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi diplomatlari vaziyatni o‘rganish va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida Kursk viloyatiga jo‘nab ketganini ma’lum qildi. Uning natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha xabar berilishi aytildi.