2022 yilning 10 oktabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Gayana Kooperativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommunike imzolandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov va Gayana Kooperativ Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Karolayn Rodriges Birket imzoladi. Bu orqali O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 142 taga yetdi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, Gayana Kooperativ Respublikasi Janubiy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan davlat. 1966 yilgacha Buyuk Britaniya tarkibida «Britaniya Gvianasi» nomi bilan mustamlaka bo‘lgan. Maydoni — 214 970 kv. km. Gayana hind tillarining biridan tarjima qilinganda «suvlar mamlakati» degan ma’noni anglatadi.