O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Sammitda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.

Tadbirda kelgusi haftada Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Ko‘p tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya sohalaridagi yaqin aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan davlat rahbarining amaliy tashrifi yakunlandi. Prezident Toshkentga qaytib keldi.