Qashqadaryoda hududiy elektr tarmoqlari montyori tok urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 5 oktabr kuni «Qashqadaryo HETK» AJ G‘uzor TETK tezkor chiqish brigadasi tomonidan 110/35/10 kVli «G‘armiston» PSdan chiquvchi 10 kVli «G‘uzor-Sovbog‘» fiderining «Mikop» shoxobchasi avariyadan so‘ng ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, soat 14:30 atrofida fiderga kuchlanish berilgan.

Biroq tezkor brigada xodimlari naryaddan tashqari o‘zboshimchalik bilan mavjud qoidalarni buzgan holda, 110/10 kVli «G‘uzor» PSdan chiquvchi 10 kVli «Oxunboboyev» fiderining 36-tayanchidan iste’molchi balansida bo‘lgan tayanchga o‘tadigan simlarni yechishga uringan vaqtda elektromontyor G‘.B. kuchlanish ostiga tushgan.

Tezkor brigada tomonidan jabrlangan G‘.B. tayanchdan tushirib olinib, unga birinchi yordam ko‘rsatilgan hamda tez yordamga xabar berilgan. Yetib kelgan tez yordam shifokorlari kuchlanish ostiga tushgan elektromontyorni ko‘rikdan o‘tkazganda, uning vafot etgani ayon bo‘ladi.

Mazkur holat yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbariyati tomonidan ishchi guruh tuzilib, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida mazkur hodisaning sabablari atroflicha o‘rganilayotgani ma’lum qilingan.