Humo Arena`da start olgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Dilshodbek Baratov bronza medali uchun bahsda mag‘lubiyatga uchradi. Halima Qurbonova esa yurishini erta yakunladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

  • -60 kg vazn toifasida sportchi musobaqada Ukraina, Janubiy Koreya, Isroil va Xalqaro dzyudo federatsiyasi jamoasi vakillarini yengdi. Mo‘g‘ulistonlik va qozog‘istonlik raqiblariga imkoniyatni boy berdi.
  • 48 kg vazn toifasida kurashgan Halima Qurbonova turkiyalik sportchini yengib, ikkinchi davrada italiyalik vakilga mag‘lub bo‘ldi.

Halima Qurbonovaning turkiyalik Assunta Skuttoga qarshi bahsidan. Foto: MOQ

Dilshodbek Baratov birinchi bahsda Xalqaro dzyudo federatsiyasi jamoasi tarkibida ishtirok etayotgan Muhammad Akkushni mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.


Dilshodbek Baratovning Xalqaro dzyudo federatsiyasi jamoasi tarkibida ishtirok etayotgan Muhammad Akkush bilan kechgan bahsidan. Foto: MOQ

Ikkinchi davrada u ukrainalik Artyom Lesyukni ippon bahosi bilan yengdi. Ma’lumot uchun, ukrainalik raqib ayni paytda jahon reytingida 10-pog‘onani egallab turibdi. 2022 yil Tel-Avivda o‘tgan «Katta dubulg‘a» turnirida oltin medalni qo‘lga kiritgan.


Dilshodbek Baratovning ukrainalik raqibini ippon bahosi bilan mag‘lub etgan bellashuvidan. Foto: MOQ.

Undan keyingi raqibi koreyalik Xarim Li bo‘ldi. Portaguliyada o‘tgan Gran-prida oltin medalga ega chiqqan Xarim Li o‘zbekistonlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va Dilshodbek Baratovni choraq finalga olib chiqdi.


Dilshodbek Baratovning koreyalik Xarim Liga qarshi tatamiga chiqqan bahsidan.

Dilshodbek Baratov chorak finalda ham g‘alaba qozonib, faoliyatida ilk bor jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi. Bu bosqichda u isroillik Yam Volshakdan ustun keldi.

Isroillik Yam Volshak ustidan qozonilgan g‘alaba vaqtida.

Biroq, yarim finalda u mo‘g‘ulistonlik Ariunbold Enxtayvanga Golden score (qo‘shimcha daqiqalar)da imkoniyatni boy berdi. Finalga yo‘l olgan 26 yoshli Ariunbold Enxtayvan so‘nggi bor 2021 yil oktabrda Parijda o‘tgan «Katta dubulg‘a» turnirida bronza medalini qo‘lga kiritgan.

O‘zbekistonlik sportchi bronza medali uchun kurashda qozog‘istonlik Yeldo‘s Smetovga qarshi tatamiga chiqib, imkoniyatni boy berdi.