Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Ukrainadagi urushning iqtisodiy oqibatlari fonida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi, deya xabar berdi OTB matbuot xizmati.

OTB O‘zbekiston hukumatiga 1,2 mlrd dollarlik kontrsiklik xarajatlar dasturini amalga oshirishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Ushbu dastur hukumat tomonidan geosiyosiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan va joriy yilning mart-aprel oylarida tasdiqlangan chora-tadbirlar majmuasidir.

Hukumat dasturi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va narxlar barqarorligini oshirish, kam ta’minlangan oilalar, keksalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga bevosita ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ishsizlar va chetdan qaytgan mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi OTB xabarida.

«Markaziy Osiyo pandemiyadan xalos bo‘lgach, mintaqa urushning iqtisodiy ta’siriga duch keldi, bu esa ayniqsa imkoniyati kam odamlarning hayotini og‘irlashtirdi. BRACE dasturi O‘zbekiston hukumatining strategik ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi va ijtimoiy himoya va inklyuzivlikni rag‘batlantirish bilan birga iqtisodiy barqarorlikni oshirishga yordam beradi», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘limi rahbari Yevgeniy Jukov.

BRACE dasturi barqaror narxlarda yetarli darajada oziq-ovqat ta’minotini ta’minlash bo‘yicha hukumat chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlaydi, masalan, bug‘doyni import qilish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish kabilar. Shuningdek, bu hukumatga 2022 yil dekabrigacha 8,9 mlndan ortiq himoyaga muhtoj odamlarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘lovlarini saqlab qolishga yordam beradi, deyiladi hisobotda.

OTB shuningdek, monitoring va baholashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha texnik yordamni ham ko‘rsatadi, bu maxsus texnik yordam fondining 400 000 AQSh dollari miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi.

«Dastur hukumatning inflyatsiyani fiskal intervensiya orqali oqilona chegaralarda ushlab turishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi», dedi OTB boshqaruv bo‘yicha bosh direktori Navendu Karan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mahalliy bandlik va tadbirkorlikni oshirish uchun resurslar bilan ta’minlaydi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi mintaqasi va Yevropadagi boshqa mamlakatlar bilan savdoni barqarorlashtirishga yordam beradi.