Ogohlantirish: Materialda shafqatsizlik va zo‘ravonlik elementlari mavjud.

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida 64 yoshli qaynota oilaviy janjal tufayli kelinining boshini kesib tashlagan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat 1 oktabr kuni sodir bo‘lgan. Janjal har ikkisi istiqomat qiladigan Humdon mahallasidagi uylardan birida boshlangan. Keksa I. R. kelini K. G. ning kechki ovqatni tayyorlayotganini ko‘rib, unga taomni mazaliroq tayyorlashini aytadi. Kelin bo‘lsa qo‘lidan kelganida ovqat qilishi, u qanday chiqishidan qat’i nazar yeyishlarini aytadi. Shundan so‘ng ayol eshikni qarsillatib yopishi natijasida uning oynalari sinib ketadi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qaynota «kelinning jahldor munosabati tufayli» g‘azabi qo‘zib chiqib, oshxonaga kiradi va uning bo‘yniga qo‘li bilan urishi natijasida ayol hushini yo‘qotadi. Shundan so‘ng, erkak uni mashinasida Farg‘ona viloyatining Oqbilol qishlog‘i tepaligiga olib boradi. U yerda «xo‘jalik pichog‘i bilan hushsiz yotgan K. G. ning bo‘ynidan kesib, boshini tanasidan ajratadi va shu orqali qasddan qotillik sodir etadi», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

«U kesilgan boshni polietilen paketga soladi, jasadni chiqindixonaga tashlaydi, boshni esa Oltiariq tumani Fayzobod qishlog‘idagi „Tojiali obod“ fermer xo‘jaligi hududidagi archalar orasiga yashirib qo‘yadi», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan 3 oktabr kuni Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan I. R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.