Andijon viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Izboskan tumanidagi To‘rtko‘l shaharchasida 22 yoshli ayol o‘z eri tomonidan o‘ldirilgani, qizni himoyasiga chiqqan uning onasi va 12 yoshli ukasi ham o‘ldirilgani haqida»gi habarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 12 sentabr kuni Izboskan tuman «To‘rtko‘l» MFY Xotira ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. oilaviy kelishmovchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘i R.Sh., qaynonasi R.M. va qaynukasi R.X. bilan janjallashib, ularga pichoq bilan tan jaroxati yetkazgan.

Oqibatda turmush o‘rtog‘i R.Sh. va qaynonasi R.M.lar hodisa joyida, qayniukasi R.X. shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davomida A.A.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

«Jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.