3 oktabr kuni Markaziy bank va O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) tomonidan «valyuta birjasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarining joriy etilishi, mobil ilova va likvidlik provayderlarining yo‘lga qo‘yilishi» mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Dastlab so‘zga chiqqan MB departament direktori Alimardon Adilov fyuchers operatsiyalari oldi-sotdisining yo‘lga qo‘yilishi bevosita spekulyatsiya va xedjirlash (sug‘urtalash) jarayonlari asosida amalga oshirilishi va provayder banklar bu orqali kelajakdagi risk xavfini kamaytirishga erishishini ta’kidladi.

Ushbu loyiha prezidentning 2021 yil 13 apreldagi [PF-6207-son] farmoni asosida ishlab chiqildi.

Valyuta xatarlarini kamaytirishga qaratilgan valyuta fyucherslarini joriy qilish va uni amaliyotga tatbiq etishda Moliya vazirligi va Markaziy bank mas’ul etib belgilangan.

Valyutaviy fyuchers — ma’lum bir miqdordagi valyutani bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx bo‘yicha kelajakda aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasi.

Fyuchers savdolari uchun yangi platforma

Ichki bozorda moliyaviy vositalar sonini oshirish va ularning samaradorligini oshirish mavzusida O‘zRVB bosh direktori Rashidxon Usmanov so‘z yuritdi.

«Biz bugun tarixiy hodisaning guvohi bo‘lmoqdamiz. Moliya vazirligi, Markaziy bank va tegishli mutasaddi vakillar bilan hamkorlikla ushbu platformani yaratish ustida ko‘plab ishlar olib borildi. Shuni ta’kidlash joizki, platformadan foydalanuvchi invest kompaniyalar va marketpleys ishtirokchilariga yengillik sifatida joriy yilning 31 dekabriga qadar komission to‘lovlar olinmaydi», — dedi Usmanov.

Ma’lumot uchun, mutaxassislar tomonidan xorij tajribasi o‘rganilganda fyuchers savdolari uchun eng qulay muddat 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan vaqt deya belgilandi.

Xozirda platformaning kafolat jamg‘armasi 4 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Platformaga valyuta birjasiga tegishli Rhombus tizimi orqali kiriladi.

Mobil ilova

«UzCE Mobile GB» ilovasi prezidentning tegishli farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» va O‘zRVBning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq joriy etildi.

«Ilovani Moskva, Qozog‘iston, Belarus, Chikago va Istanbul tajribasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqdik. Buning uchun Dart va Flutter dasturlash tilidan foydalandik. Ilovada DQQ bozoridagi auksionlar parametrlari, sotish, sotib olish, bekor qilish kabi amaliyotlarni bajarish, depo hisob-varag‘i, birja kotirovkalar va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoni mavjud», — deya ma’lumot berdi regulyatorning Monetar operatsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov.

Mobil ilova Android va iOS foydalanuvchilari uchun kerakli yuklab olish platformalariga joylashtirilgani ham aytib o‘tildi.

Shuningdek, joriy yilning 6−24 iyun kunlari test rejimida o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, ishtirok etgan 15 ta bank o‘trasida tuzilgan fyuchers shartnomalar hajmi 313,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shuning tahlil natijalari 77% banklar o‘z mijozlariga likvid derivativlar bozori mahsulotlarini taqdim etishni xohlashi ma’lum bo‘ldi.

Taqdimot so‘nggida provayder banklar va valyuta birjasi o‘rtasida o‘zaro shartnomalar imzolandi.