Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tuman hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i 30 ming dollar bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Tuman hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi sobiq boshlig‘i ikki nafar tanishi bilan bir fuqaroga avtosalondan yangi Malibu avtomashinasini olib berishni va’da qilgani aytilmoqda. Buning evaziga 30 ming dollar miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritishgan va o‘zlarining ehtiyojlariga sarflab yuborishgan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 1 nafari esa tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan», — deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.