Samarqand viloyatining Urgut tumani «Etakbeshkapa» mahallasida to‘y vaqtida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bolaning jasadi to‘yxona yaqinidagi quduq ichidan topildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 26 sentabr kuni Urgut tumani prokuraturasiga tumanning «Xo‘jayduq» mahallasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, 25 sentabr kuni soat 16:00 larda «Etakbeshkapa» MFYda joylashgan to‘yxonaga 2018 yilda tug‘ilgan nabirasi bilan borgani va bir oz vaqtdan so‘ng uni yo‘qotib qo‘yganini aytib, topishda amaliy yordam so‘ragan.

Arizaga asosan viloyat prokuraturasi, viloyat IIB, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan birgalikda qidiruv tadbirlari amalga oshirildi. Qidiruvlar natijasida, 30 sentabr kuni to‘yxona atrofidagi ichimlik suvi qazib olish uchun mo‘ljallangan 8 metrlik quduqdan bolaning jasadi profilaktika inspektori tomonidan topildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Shu kabi holatlarda farzandlarni e’tiborsiz qoldirmasliklarini so‘rab qolamiz», — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari.